O‘zbekiston va Xitoy oliy taʼlim muassasalari hamkorligini kengaytirish doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori G.Rixsiyeva rahbarligidagi delegatsiyaning Pekin va Sian shaharlariga xizmat safarida bo’lib qaytishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi arafasida 2023 yil 11-12- may kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori G.Rixsiyeva rahbarligidagi delegatsiya Xitoyning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish hamda rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida Sian shahrida bo‘lib, tilshunoslik, sharq tillarini o‘qitish metodikasi, xalqaro jurnalistika, turizm, iqtisod sohalarida kadrlar tayyorlovchi nufuzli “Sian Shimoli-G‘arbiy universiteti” va “Lyaoning pedagogika universiteti” rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
G.Rixsiyeva O‘zbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, taʼlim tizimini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha qayta tayyorlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini, tub islohotlar natijasida respublikamizda kadrlar tayyorlashning yangi tizimi yaratilganini taʼkidladi.
Muloqotlar davomida xitoylik hamkorlar bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar tobora izchillashib borayotganini alohida qayd etib, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyov va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonchga asoslangan do‘stona aloqalar davlatlararo munosabatlarning barcha sohalarini rivojlantirishning asosiy omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
Sian Shimoli-G‘arbiy universiteti va Lyaoning pedagogika universiteti rahbariyati TDSHU bilan zamonaviy fan dasturlari, o‘quv qo‘llanmalari va monografiyalar yaratish, xitoy tili bo‘yicha o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etish, xitoy tili, sinxron tarjima, turizm, iqtisod yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarga almashuv dasturlarini amalga oshirish, ilmiy tadqiqot loyihalarni bajarishda hamkorlik qilishga tayyorligini taʼkidlashdi.
Jumladan, Sian Shimoli-G‘arbiy universiteti 2023 yil sentabr-noyabr oylari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining tarix, iqtisod va turizm mutaxassisliklari bo‘yicha dars beruvchi professor-o‘qituvchilariga malaka oshirish kurslari hamda shu sohada ilmiy tadqiqot ishlarini bajarayotgan doktorantlarga ilmiy stajirovkalar tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Lyaoning pedagogika universiteti bilan o‘tkazilgan uchrashuvda 2023 yil iyun oyida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining “Xitoy filologiyasi” kafedrasi o‘qituvchilariga xitoy tili va tilshunosligi bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish borasida kelishuvga erishildi. Shu bilan birga TDShUning 7 nafar o‘qituvchilarining Lyaoning pedagogika universitetida malaka oshirish dasturi Xitoy tomoni – mazkur universitet ajratadigan grant asosida amalga oshirilishiga kelishildi.
Shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Lyaoning pedagogika universiteti o‘rtasida yangi o‘quv yilidan boshlab, “Filologiya va tillarni o‘qitish”, “Xitoy xalqaro taʼlimi” bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha “2+2” shaklida qo‘shma taʼlim dasturini amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolandi hamda uning o‘quv rejasi tasdiqlandi. Uchrashuv yakunida Lyaoning pedagogika universiteti rahbariyati ushbu qo‘shma taʼlim dasturini 10 nafar TDSHU talabalariga o‘quv granti ajratish asosida amalga oshirishga rozilik berdi.
Ochiq va do‘stona ruhda o‘tkazilgan uchrashuvlar yakunida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Sian Shimoli-G‘arbiy universiteti, Lyaoning pedagogika universiteti o‘rtasida erishilgan mazkur kelishuvlarni o‘z ichiga oluvchi hamda istiqbolda amalga oshiriladigan asosiy hamkorlik sohalari va yo‘nalishlarini belgilab beruvchi anglashuv memorandumlari imzolandi. Shuningdek, mazkur hujjatlar asosida hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha 2023-2024 o‘quv yilida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi “Yo‘l xarita”larni ishlab chiqish va ularni 2023 yil noyabr oyi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida xitoyshunoslikka bag‘ishlab o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya doirasida imzolash to‘g‘risida kelishib olindi.
Shuningdek, Sian Shimoli-G‘arbiy universiteti, Lyaoning pedagogika universitetida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining xitoyshunos professor-o‘qituvchilari tomonidan amalga oshirilgan “O‘zbekistonda xitoyshunoslik tadqiqotlari” ilmiy loyihasi doirasida nashr etilgan 22 ta xitoyshunoslikka oid monografiyalar taqdimoti o‘tkazildi. Shu bilan birga, mazkur universitetlarda tahsil olayotgan TDSHU talabalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, ularning Xitoyda tahsil olishi shart-sharoitlari o‘rganildi.