Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Pandemiyaga qarshi kurash sharoitida xalqaro hamkorlik

23.04.2020, 12:28 Yangiliklar 2074

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Pandemiyaga qarshi kurash sharoitida xalqaro hamkorlik: O‘zbekiston va xalqaro tajriba” mavzusida xalqaro onlayn davra suhbati o‘tkazildi.

“Zoom” platformasida onlayn formatda tashkil etilgan ushbu ilmiy-amaliy anjumanda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, shuningdek, respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, magistratura va bakalavriat talabalari ishtirok etdi.
Jami 7 ta davlatni namoyish etgan 92 nafar vakillar qatnashgan ushbu tadbirda siyosiy fanlar sohasida ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi o‘zbekistonlik sharqshunos olimlar bilan birga, Rossiya, AQSh, Germaniya, Qozog‘iston, Sloveniya, Misr kabi davlatlarning xalqaro munosabatlar bo‘yicha yetakchi ekspertlari o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan, ulardan Rossiya Federatsiyasi Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimlari S.Pritchin, A.Vorob’ev, N.Mendikovich, Oltoy davlat universiteti professori, t.f.d. V.Boyko, AQShning J.Marshal nomidagi Xavfsizlik masalalarini o‘rganish Yevropa markazi professorlari G.Glizin, Pol’ Dunay, Milliy mudofaa universiteti professori B.Todd hamda Tennesi universiteti professori A.Korobkov, Sloveniyaning «Mintaqaviy muloqot» xalqaro markazi direktori M’yusha Sever, Lyublyana Tibbiyot universiteti professori va Sloveniyaning koronavirusga qarshi kurash kengashi eksperti B.Beovich, Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti dosenti J.Bayzakova, Germaniya-Qozog‘iston universiteti professori Sebastian Meyer, Misrning «Al-Hivor» siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Axmad Tohir o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Tadbir boshida TDShU rektori G.Sh.Rixsieva xorijiy ekspertlarning tadbirda ishtirok etganiga minnatdorchilik bildirib, ushbu davra suhbati pandemiyaga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikning amalga oshirilishi shart-sharoitlari va istiqbollari, shuningdek, hozirgi kunda O‘zbekiston tomonidan koronavirus infeksiyasining yanada keng tarqalishi va uning salbiy oqibatlarini oldini olish maqsadida davlat miqyosida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar borasida atroflicha fikr almashishga qulay imkoniyat yaratayotganini ta’kidladi. Karantin davrida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida zikr etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning barqarorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning mazmun-mohiyatini sharhlab berdi.
Shu bilan birga, pandemiya xalqaro hamkorlik mustahkamligining o‘ziga xos sinovi bo‘lganini zikr etib, bu avvalo, nafaqat epidemiologik va tashkiliy masalalardagi tajribasi bilan almashishga, balki o‘zaro moliyaviy, iqtisodiy va oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zaro ko‘mak berishga tayyorligida ham yaqqol namoyon bo‘lganligini takidladi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonda hech qaysi bir davlat koronavirusni faqatgina o‘z davlatida tugatishi orqali mamlakat xavfsizligini, xususan, inson xavfsizligini to‘liq ta’minlab bo‘lmasligini to‘g‘ri tushunishayotganligini ma’lum qildi. Binobarin, xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekistonga kerakli ko‘mak berishga tayyor ekanligini zikr etib, 2020 yilda Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi kabi xalqaro va xorijiy moliya institutlari tomonidan yo‘naltirilgan 2,7 milliard dollarni o‘zlashtirish rejalashtirilgani, moliya institutlari pandemiya bilan kurash uchun sog‘liqni saqlash sohasiga 277 million dollar ajratayotganini ta’kidladi.
Tadbirda Sloveniyaning «Mintaqaviy muloqot» xalqaro markazi direktori Myusha Sever O‘zbekistonning inqirozga qarshi kurash bo‘yicha mas’ullarining faoliyatini yuqori baholab, globalizasiya pandemiyaning bu qadar keng avj olib ketishiga qulay sharoit yaratib berganligini zikr etdi. O‘zbekiston misolida xalqaro ochiqlikning bugungi darajasi qator byurokratik qiyinchiliklarni bartaraf etishga olib kelishini ta’kidladi.
Rossiya Federatsiyasi Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi t.f.n. S.Pritchin qayd etishi, Markaziy Osiyo respublikalari ichida O‘zbekiston qisqa vaqt ichida barcha resurslarini safarbar etib, mamlakatda koronavirus tarqalishining salbiy oqibatlariga qarshi chora-tadbirlar dasturini qabul qildi. Respublikada inqirozga qarshi kurash ishlari natijasida ayni paytda O‘zbekiston qator davlatlarga gumanitar yordam ham bermoqda.
AQShning J.Marshal nomidagi Xavfsizlik masalalarini o‘rganish Yevropa markazi professori G.Glizinning nuqtai nazaricha, pandemiya natijasida inson xavfsizligi masalasi birlamchi bo‘lgan global xalqaro xavfsizlik arxitekturasining yangi tizimi shakllanmoqda. Bu o‘z navbatida, mintaqaviy va xalqaro mojarolarni hal qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarda ijobiy natijalarga erishishga ko‘mak beradi.
Mazkur markazda faoliyat olib boruvchi vengriyalik ekspert Pol Dunay mamlakatda hukumat tomonidan olib borilayotgan inqirozga qarshi kurash siyosatiga to‘xtalib, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar amaliy natijasini bermaganligini ta’kidladi. Vengriyada masofaviy ta’lim olish imkoniyati yetarli emasligi, shu bilan birga qator boshqa ijtimoiy sohalarda ham raqamli texnologiyalar to‘liq joriy etilmaganligini qayd etdi. Bu esa o‘z navbatida, hozirgi sharoitlarda yaqqol namoyon bo‘lganligini zikr etdi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga koronovirus tarqalishiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikning bugungi shart-sharoitlari va postpandemiya xalqaro munosabatlari, shuningdek, dunyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonning inqirozga qarshi chora-tadbirlari va uning salbiy oqibatlarini oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlari borasidagi masalalarning xalqaro darajada muhokama qilinishini tashkil etgani uchun minnatdorchilik bildirib, bularning barchasi, o‘z navbatida, pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Facebook | Telegram | Instagram | YouTube