Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Rishtonda mexmonxona sohasi va xizmat ko‘rsatish mutaxassisilari uchun qisqa o‘quv kursi tashkil etildi

23.05.2025, 11:07 Yangiliklar 289

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turizm kafedrasi mudiri Ch. Xusanov tomonidan Rishton tumanining mehmonxona xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari uchun “Xizmat ko‘rsatish standartlari va mijozlar bilan ishlash” nomli qisqa muddatli o‘quv kursi tashkil etildi. Ushbu kursning asosiy maqsadi – zamonaviy xizmat ko‘rsatish talablariga javob beradigan, malakali va mijozlarga yo‘naltirilgan mutaxassislar tayyorlashdan iborat bo‘ldi.

13 (2)

O‘quv kursi davomida ishtirokchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyati, xalqaro standartlar asosida mijozlarga yondashuv, xizmat ko‘rsatishda etika va kommunikatsiya usullari bo‘yicha chuqur bilimlar berildi. Mashg‘ulotlar nazariy va amaliy qismlarga bo‘lingan holda, sohaga oid dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Kurs doirasida tinglovchilarga xizmat ko‘rsatish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni aniqlash, mijoz ehtiyojlarini to‘g‘ri anglash va ularga professional tarzda javob qaytarish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, mijozlar bilan yuzaga keladigan bahsli vaziyatlarda stressni boshqarish, bo‘yicha samarali strategiyalar o‘rgatildi.
O‘quv kursida Rishton tumanining mehmonxona va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan 200 ga yaqin soha vakillari ishtirok etdilar. Bu orqali ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, xizmat sifatini yanada yaxshilash imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, ushbu kurs doirasida Turizm kafedrasi magistranti, tajribali gid-tarjimon K. Raximova tomonidan “Mijozlar bilan ishlash va nizolarni hal etish” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Seminar davomida ishtirokchilarga mijozlar bilan samarali muloqot yuritish, qiyin vaziyatlarni professional tarzda boshqarish, nizolarni ijobiy hal etish usullari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berildi. Trening interaktiv tarzda olib borilib, real holatlar asosida muammolar tahlil qilindi va ishtirokchilar o‘z fikr va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Soha vakillari uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixi o‘qituvchisi A. Shosaidov tomonidan “Rishtonda etnoturizm” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Unda Rishton hududining boy madaniy merosi, an’anaviy hunarmandchilik turlari, milliy qadriyatlar va ularning turistik salohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Seminar ishtirokchilari Rishtonda etnoturizmni rivojlantirishning istiqbollari, mahalliy aholi ishtirokini kengaytirish va mehmonlar uchun madaniy dasturlarni shakllantirish borasida qiziqarli takliflar bildirdilar.
Mazkur o‘quv kursi turizm sohasida xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish, professional kadrlar tayyorlash va hududiy turizmni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Kelgusida bunday tashabbuslar doirasida yana bir qator malaka oshirish dasturlari va treninglar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.