Saudiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda TDSHU bazasida ilk marotaba arab tili bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etildi
2023-yil 12-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Saudiya Arabistonining Podshoh Salmon xalqaro arab tili akademiyasi bilan hamkorlikda arab tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari o‘z ishini boshladi.
O‘zbekistonda ilk marotaba saudiyalik tilshunos mutaxassislar tomonidan tashkil etilgan malaka oshirish kursining ochilish marosimida Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiy, Podshoh Salmon xalqaro arab tili akademiyasi ma’sul xodimi Soha Muhammad At-Tayyar, shuningdek, Podshoh Salmon xalqaro arab tili akademiyasi trenerlari ishtirok etdi.
Arab tili bo‘yicha malaka oshirish kurslari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2022 yil 17-18 avgustda Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrifi natijasida 2023-yil yanvar oyida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti delegatsiyasi Ar-Riyod shahrida Podshoh Salmon xalqaro arab tili akademiyasi hamda “Arab tili barcha uchun” markazi bilan o‘tkazgan muzokaralardagi TDSHU bazasida arab tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish borasidagi kelishuvlar asosida amalga oshirilmoqda.
TDSHU bazasida Podshoh Salmon xalqaro arab tili akademiyasi bilan hamkorlikda o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kursining tashkil etilishi o‘zbekistonlik arabshunoslari uchun arab tili bo‘yicha zamonaviy o‘qitish uslublari bilan tanishish, yangi pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirish imkoniyatini beradi.
Har kuni 6 soat davom etadigan malaka oshirish kurslari yakunida, arab tili bo‘yicha malaka oshirgan tinglovchilarning bilimlari tegishli tartibda baholanadi hamda ularga xalqaro sertifikat taqdim etiladi.