Sharqshunoslar nigohida Rishton, Yangiqo‘rg‘on va Chust tumanlari: tarixiy meros va turizm imkoniyatlari
2025-yil 19–25-may kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti turizm ishchi guruhi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-sonli «Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi qaroriga muvofiq universitetga biriktirilgan Farg‘ona viloyatining Rishton tumani hamda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on va Chust tumanlarida bo‘lib, turizm salohiyatini chuqur o‘rganish, targ‘ib qilish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida amaliy tashriflar uyushtirdi.
Rishtonda «Xalqaro kulolchilik markazi» hamda «Mingboshi Ceramic» korxonasiga tashrif buyurilib, milliy kulolchilik san’atining tarixiy va zamonaviy yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishildi. Oqtomir mahallasidagi hunarmand B.G‘ofurovlar xonadoni misolida etnoturizm salohiyati tahlil qilindi. Tumanda yaratilgan pista plantatsiyasi, «Straus farm» – tuyaqush yetishtiruvchi fermer xo‘jaligi hamda tuyachilik fermasi agroturidtik obyekt sifatida o‘rganildi. Shuningdek, mehmonxona xo’jaligi va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari uchun qisqa o‘quv kurslar, seminar-treninglar ham tashkil etildi.
Rishton, Yangiqo‘rg‘on va Chust tumanlaridagi maktablarda turizm sohasini yosh avlod orasida keng targ‘ib qilish, ularning sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida o‘quvchilar bilan uchrashuvlar, turizm sohasi bo‘yicha ma’ruzalar, viktorinalar, kasbga yo‘naltirish suhbatlari o‘tkazildi. Ular orqali yoshlarda turizmga, madaniy merosga bo‘lgan qiziqish uyg‘otildi.
Chust tumanida esa tarixiy va madaniy obidalarni ilmiy asosda o‘rganish, interaktiv turpaketlar ishlab chiqish, xalqaro miqyosda targ‘ibot qilish bo‘yicha hamkorlik strategiyasi belgilandi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti turizm ishchi guruhi tomonidan amalga oshirilgan bu tashriflar mahalliy turizm infratuzilmasini ilmiy va amaliy asosda mustahkamlash, madaniy merosni ichki va xorijiy sayyohlar uchun jozibador qilishga xizmat qilmoqda.

