Talabamiz onlayn olimpiyada g’olibi bo’ldi
O‘tgan yilning noyabr-dekabra oylarida Sankt-Peterburg davlat universiteti Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligi bilan hamkorlikda xorijiy til sifatidagi rus tili bo‘yicha II Xalqaro onlayn-olimpiadasini o‘tkazdi. Ushbu tadbir ayni yo‘nalishda mamlakatdagi eng yirik anjumanlardan biridir.
Ikki bosqichda bo‘lib o‘tgan Olimpiadada 147 davlatdan 9500 dan ziyod talaba ishtirok etgani ham mazkur musobaqaning ko‘lami naqadar keng, nufuzi qay darajada yuqori ekanidan dalolat.
Biz uchun ahamiyatli va quvonarli jihati shundaki, shu kunlarda e’lon qilingan Olimpiada g‘oliblari orasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti vakili – Turkshunoslik fakulteti talabasi E’zoza Inoyatxo‘jayeva ham bor. Tez kunlarda u boshqa g‘olib va sovrindorlar qatori tashkilotchilar tomonidan diplom, maxsus mukofot bilan taqdirlanadi.
– Ushbu olimpiadada qatnashish imkoniyati tug‘ilganda, rus tili bo‘yicha o‘z bilimim va qolaversa, omadimni ham sinab ko‘rishga qaror qildim, – deydi E’zoza Inoyatxo‘jayeva. – Tabrik so‘zlari bitilgan va g‘olib, deb e’lon qilinganim qo‘shimcha qilingan maktubni olganim esa men uchun kutilmagan va shu bilan birga quvonchli voqea bo‘ldi. Universitet sha’nini munosib himoya qila olganimdan xursandman, hammasi uchun ustozlarimga minnatdorlik izhor etaman. Garchi, musobaqada ko‘pchilik raqobatchi tengqurlarimni ortda qoldirgan bo‘lsam-da, juda boy hisoblanadigan rus tili sirlarini, rang-barang qirralarini egallashda hali ko‘p o‘qishim lozimligini ham angladim.
Biz ham o‘z navbatida E’zozani jamoamiz va barcha yurtdoshlarimiz nomidan mazkur nufuzli olimpiadadagi g‘alabasi munosabati bilan chin dildan qutlaymiz.
Elyor Mahmudov,
TDSHU Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori
https://www.uza.uz/uz/posts/ozbekistonlik-talaba-rossiyadagi-fan-olimpiadasi-golibi_233240