Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TANISHTIRUV DARSLARI ONLAYN TARZDA BOSHLANDI

12.10.2020, 14:00 Yangiliklar 2506

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlarni oliy ta’lim tizimiga qamrovini bosqichma bosqich oshirib borish bo‘yicha belgilab bergan vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti oldingi o‘quv yiliga nisbatan 2020-2021 o‘quv yiliga qabul kvotalarini 25%dan ziyodroq qilib shakllantirdi, ya’ni 2019-2020 yilga barcha ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga 870, shundan 732 nafar bakalavriatga va 138 nafar magistraturaga qabul qilinishi belgilangan bo‘lsa, bu yilga jami 1095 nafar, shundan 925 nafar bakalavriatga va 170 nafar magistraturaga talaba qabul qilish tasdiqlandi.

Bu yili  abiturientlarning 52796 nafari beshta ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyatidan foydalanib, universitetimiz ta’lim yo‘nalishlariga dtm.abutur.uz sayti orqali ariza topshirdilar va O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2020-yil 25-sentabridagi 5-sonli bayoni bilan tasdiqlangan Davlat test markazining test sinovlari qaydnomasiga ko‘ra 1085 nafar abiturient talabalikka tavsiya etildi, ya’ni davlatimiz rahbarining turli toifadagi abiturientlarga belgilab bergan imtiyozlari ham qo‘llanib, bakalavriat qabul rejasi 160 nafar ortig‘i bilan bajarildi va yoshlarni oliy ta’lim tizimiga qamrovi oldingi yilga nisbatan 50%dan ortdi. E’tirofga loyiq jihatlarning eng muhimi qabul rejalaridagi davlat granti uchun ajratilgan 60 o‘rin Davlat komissiyasining qarori bilan 175taga ko‘paytirildi. Bu davlatimiz rahbariyatining iqtidorli yoshlarga va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga alohida e’tiborlarining yaqqol namunasidir.

Universitet qabul komissiyasi tomonidan mazkur talabalikka tavsiya etilgan abiturientlardan hujjatlarni qabul qilishni  karantin talablariga to‘liq rioya etgan holda, ya’ni abiturientlarning katta miqdori bir joyda to‘planishining oldini olgan va ijtimoiy masofani ta’minlagan holda  tashkil etish maqsadida ta’lim yo‘nalishlari biriktirilgan fakultetlar joylashgan 3ta binoning ochiq fazoli hovlilarida  5-10-oktabr kunlari 43 nafar texnik kotiblar ishladi va abiturientlarning deyarli barchasidan hujjatlar qabul qilindi. Hujjatlarni qabul qilish jarayonida abiturientlarga maksimal qulayliklar yaratilib, to‘lov-shartnomalari ham birdaniga rasmiylashtirildi.

Hujjatlarni qabul qilish jarayoni bilan bir paytda 1-kursga qabul qilingan talabalarni universitet o‘quv jarayoniga ko‘niktirish, ularni masofaviy ta’lim tartib-qoidalari va ayniqsa, universitetda 2020-2021 o‘quv yilidan joriy etilgan kredit modul tizimida o‘qish tariblari bilan batafsil tanishtirish uchun chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va bosqichma-bosqich tezkor ravishda amalga oshirildi. Mazkur rejaning asosiy g‘oyasi talabalarni ilk kunlardanoq masofaviy ta’lim tizimiga ko‘niktirish qilib belgilandi va universitet professor-o‘qituvchilarini viloyatlarga xizmat safariga yuborib, talabalarga tanishtiruv darslarini tashkil etish o‘rniga barcha talabalarni birdaniga bevosita masofaviy ta’limga qamrash asosiy maqsad sifatida qo‘yildi. Buning uchun 1-kurs talabalari tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha murabbiylar boshchiligidagi telegramm guruhlarga biriktirildi va o‘quv jarayoniga tegishli ko‘rsatmalar, uslubiy qo‘llanmalar, masofaviy ta’lim tizimida qo‘llanadigan turli dasturiy ta’minotlar, ularni internetdan yuklab olish yo‘riqnomalari, 2020 yil 12-oktabridan boshlanadigan va 1-kurs maktabi tanishtiruv darslari mavzulari, universitet saytidan foydalanish ko‘rsatmalari, universitetning mt.tsuos.uz saytida  joylashgan MOODLE masofaviy ta’lim platformasida ishlash yo‘riqnomalari, kredit modul tizimida o‘qish tartiblari, universitet elektron kutubxonasi haqidagi ma’lumotlar o‘zbek va rus tillarida yetkazib borildi. Bu ma’lumotlar sodda, aniq va tushunarli bo‘lishiga alohida ahamiyat berildi va ularning barchasiga ovozli slayd taqdimotlari, videoqo‘llanmalar ilova qilib berildi. Guruh murabbiylari talabalar bilan virtual muloqotlarda va telefon orqali suhbatlarda tushayotgan savollarni tahlil etib, yana qanday ma’lumotlar tayyorlash haqida takliflar berib bordilar. Parallel ravishda universitetning tsuos.uz rasmiy vebsaytida 1-KURS nomi ostida maxsus rukn ochildi va o‘zbek va rus tillarida universitet tarkibiy tuzilmasi, fakultetlar tarkibi, kafedralar bo‘yicha ma’lumotlar, onlayn 1-kurs maktabi tanishtiruv darslari jadvallari, 1-kurs dars jadvallari, elektron kutubxona, masofaviy ta’limga kirish va tegishli ma’lumotlardan foydalanish yo‘riqnomalari, kredit modul tizimi izohlari va yana boshqa qator foydali resurslar joylandi. 1-kurs talabalari uchun maksimal qulay bo‘lishi uchun bu ma’lumotlarning har biriga alohida giperhavolalar berilib, birdaniga tegishli ma’lumotlar, slayd taqdimotlar, videoqo‘llanmalar, elektron kitoblarni yuklab olish imkoniyatlari yaratildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020-yil 5-oktabridagi 517-sonli buyrug‘ida belgilangan tartib bo‘yicha 7 fakultetimizda oldindan linklari talabalar diqqatiga yetkazilgan ZOOM platformasi orqali  12-oktabr kuni soat 8-30 dan onlayn tanishtiruv darslari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining rektori G.Sh. Rixsiyevaning 1-kurs talabalariga tabrigi bilan tantanali ravishda boshlandi va bu kunga belgilangan mavzular to‘liq yoritilib, universitet, fakultetlar, kafedralar haqidagi ma’lumotlar berildi, universitet Ichki tartib qoidalari, Odob-ahloq qoidalari bilan tanishtirildi.  Tanishtiruv darslarida talabalarning ishtiroki 90% atrofida bo‘ldi va onlayn muloqotlar jarayonida talabalarni akademik guruhlarga biriktirilish tartiblari, dars jarayonlarida ishtirok etish va fanlarni o‘zlashtirib borishga oid savollariga batafsil javoblar berildi. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 1-kurslarni o‘quv jarayoni bilan tanishtiruv darslari  14-oktabrgacha bo‘ladi va 15-oktabrdan bevosita fanlar bo‘yicha masofaviy darslar boshlanib, talabalar bevosita professor-o‘qituvchilar rahbarligida onlayn ta’limga moslashishni davom ettirishlari belgilangan.

 

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
 o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori A.Vaxidov