Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Ta’ziya

03.11.2020, 13:23 Yangiliklar 2074

Inson hayoti har bir daqiqasi o‘lchangan, unumli foydalanilganida asrlarga tatigulik, qadri miqdor bilan o‘lchanmaydigan bebaho ne’matdir. Umrini foydali yumushlarga bag‘ishlagan, ilmni, ma’rifatni o‘z hayoti mazmuniga aylantirgan, XX asr o‘zbek sharqshunosligining dovrug‘li vakili, taniqli temurshunos, Fidokorona mehnatlari uchun ordeni sovrindori, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Murodovich Uvatov vafot etdilar.
Ubaydulla Uvatov 1940-yilning 23-fevralida Qashqadaryo viloyatining ko‘hna kentlaridan biri G‘uzorda tavallud topgan. 1958-1964 yillarda Toshkent davlat universitetining Sharq fakul’tetida (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) arab tili yo‘nalishida talaba sifatida saboq oldi. O‘qishdan keyin amaliy tarjimonlik faoliyati bilan shug‘ullandi. U Misr, Iroq va Liviya singari arab davlatlarida tarjimonlik qildi. Ubaydulla Uvatov o‘z faoliyatining birinchi kunidan boshlab, tinimsiz ilmiy faoliyat bilan ham shug‘ullanib keladi. Olimning ilmiy yo‘nalishlari, qiziqishlari turli tuman. U manbashunos, tarixchi, fan va yurtimiz allomalari merosining tolmas targ‘ibotchisi sifatida faoliyat yuritib keldilar. Ilmiy faoliyati davomida yurtimiz allomalari to‘g‘risida birinchilardan bo‘lib tadqiqotlar olib bordi va ushbu yo‘nalishda 200 dan oshiq maqola, 50 ga yaqin kitob va risolalar yozdi. U kishi ko‘plab shogirdlar yetishtirdilar. Ubaydulla Uvatov uzoq yillar hukumatning yuqori tashkilotlarida mas’ul lavozimlarda ham faoliyat yuritganlar. Ubaydulla Uvatov “Mehnat shuhrati” ordeni va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan hamda ilm-fan yo‘lidagi xizmatlari yuksak e’tirof etilib, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganlar.

Domla 2017-yildan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga rahbarlik qilib kelayotgan edilar. Jamiyat ma’rifati, millat o‘zligini angalash yo‘lida umr bo‘yi tolmasdan mehnat qilib kelgan Ubaydulla Uvvatov vafoti munosabati bilan domlaning ahli ayollari, farzandu arjumandlari, shogirdlari va barcha ilm ahliga Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rahbariyati ta’ziya izhor etadi.