HINDISTON UNIVERSITETI BILAN ILMIY HAMKORLIK
2019-yil 8-may kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida o‘zbekistonlik va hindistonlik olimlarning hammuallifligida yaratilgan “Urdu she’riyati” monografiyasining taqdimot marosimi o‘tkazildi. Ushbu ilmiy kitob O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-sonli hamda 2018-yil 5-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-3775-sonli qarorlari ijrosi doirasida yaratilgan.
Monografiya “Urdu she’riyati” deb nomlangan bo‘lib, Toshkent davlat sharqshunoslik institutining “Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo tillari” kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Muhayyo Abdurahmonova va Hindistonning Javoharlal Neru universiteti professori Xoja Ikromiddin o‘rtasidagi ilmiy-ijodiy hamkorlikning mahsuli bo‘ldi. Kitob urdu tilida yozilgan bo‘lib, 2019 yilda Hindistondagi ilmiy adabiyotlarni tayyorlashga ixtisoslashgan “Brown book publications” nashriyotida chop etildi. Kitob 296 sahifadan iborat bo‘lib, unda XIII asrdan to hozirgacha bo‘lgan davr mobaynida urdu she’riyatining shakllanishi va tadrijiy rivojlanib borishi batafsil yoritilgan.
Taqdimot marosimda Hindistonning O‘zbekistondagi La’l Bahodir Shastri nomidagi Madaniyat markazi direktori, professor Chandra Shekhar, Javoharlal Neru universitetining professorlari Xoja Ikromiddin va Axlaq Ahmad Ansoriy, shuningdek, TDShI professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda Hindistonning O‘zbekistondagi La’l Bahodir Shastri nomidagi Madaniyat markazi direktori, professor Chandra Shekhar so‘zga chiqib, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Javoharlal Neru universiteti o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlab, ikki mamlakatning ilm-fan va ta’lim sohasidagi aloqalari izchil rivojlanib borayotganligidan mamnun ekanligini izhor etdi. Ushbu ijod mahsuli qisqa vaqt ichida tayyor bo‘lganidan mamnun ekanligini bildirib, bunday ijodiy hamkorliklar ikki mamlakat aloqalarining rivojiga o‘z hissasini qo‘shishini ta’kidladi.
Javoharlal Neru universiteti professori Xoja Ikromiddin O‘zbekiston va Hindistonning o‘zaro aloqalari mustahkamligi haqida to‘xtalib, mazkur kitob ana shu aloqalarning mahsuli ekanligini e’tirof etdi. Hindistonlik professor 2018/2019 o‘quv yili Toshkent davlat sharqshunoslik institutida faoliyat olib borishi mobaynida TDShI o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati va hindiy va urdu tili bo‘yicha mutaxassis kadr bo‘lib tayyorlanayotgan talabalari hamda magistrlarining bilim darajasi yuqori ekanligini alohida ta’kidlab, monografiya bugungi kundagi zamonaviy talablarga javob berishini, talabalarning urdu adabiyoti haqidagi bilimlarini boyitishga, qolaversa, ularning she’riyatga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi. Ikki tomonlama hamkorlik kelajakda ham davom etishiga va bundanda mukammalroq ijod namunalari yaratilishiga ishonch bildirdi.
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Javoharlal Neru universiteti olimlari hamkorligida birinchi marta urdu tilida yangi ilmiy adabiyotning nashr etilgani haqidagi ma’lumot Hindistonning Dehli va Kalkutta kabi yirik shaharlarida chop etiladigan yetakchi ommaviy axborot vositalarining 2019 yil 9-10 may sonlarida ham keng yoritildi. Xususan, “Delhinama”, “Davri jadid”, “Siyosiy taqdir”, “Axbari mashriq”, “Sachki avaz”, “Saxiban” gazetalari hamda “URDUNETJAPEN” onlayn nashrida O‘zbekiston va Hindiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik natijasida “Urdu she’riyati” monografiyasi nashr etilgani va bu o‘z navbatida Toshkent davlat sharqshunoslik institutida urdu tili bo‘yicha sharqshunos kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyatga molikligi e’tirof etiladi.