TDSHU da “Yosh gidlar maktabi” – bilim va tajriba yo‘lidagi dastur o‘z nihoyasiga yetdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining 2025-yil 18-iyuldagi qo‘shma qarori va TDSHU rektorining 2025-yil 23-iyuldagi buyrug‘i ijrosini taʼminlash maqsadida universitetda “Yosh gidlar maktabi” dasturi doirasida qator ishlar amalga oshirildi.
Dastur talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, gidlik sohasidagi kasbiy mahoratini rivojlantirish, xorijiy tillarda muloqot qilish hamda mamlakatimizning tarixiy-madaniy merosini targ‘ib etishga xizmat qiladi. Shuningdek, u yoshlarning turizm sohasida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishiga ko‘maklashmoqda.
Mazkur loyiha doirasida “Turizm” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekiston “Gidlar uyushmasi” raisi, tajribali gid-tarjimon Nargiza Salomova ishtirokida maʼruzalar, seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Talabalar ekskursiya xizmatlarini tashkil etish, tarixiy-madaniy obʼektlarda gidlik faoliyati va tarjimonlik ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, ular muzey va tarixiy obidalar, madaniy markazlarda amaliyot o‘tashdi, sohaga oid mutaxassislar bilan uchrashuvlar va master-klasslarda qatnashib, gidlik faoliyatida qo‘llaniladigan zamonaviy usullarni o‘rgandilar.
Natijada talabalar mustaqil ekskursiya tashkil etish, turistik yo‘nalishlar tuzish, xorijiy mehmonlar bilan muloqot qilish va madaniy merosimizni targ‘ib etish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Shu tariqa, “Yosh gidlar maktabi” dasturi nafaqat talabalarning kasbiy salohiyatini oshirishga, balki O‘zbekistonning milliy va xalqaro turizm sohasidagi nufuzini yuksaltirishga ham xizmat qilmoqda.




