TDSHU delegatsiyasi Istanbul universiteti va THE agentligi bilan uchrashdi
2025-yil 17-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) delegatsiyasi Turkiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Istanbul universiteti huzuridagi Turkshunoslik instituti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda institut direktori, professor Ayşe Zişan Furat boshchiligidagi jamoa ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuv do‘stona va konstruktiv muhitda o‘tib, ikki tomonlama ilmiy-akademik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim masalalarning muhokamasiga bag‘ishlandi. Xususan, turk va o‘zbek tillari, adabiyoti, madaniyati hamda tarixini o‘rganish bo‘yicha ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini ishlab chiqish, qo‘shma seminar va konferensiyalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shu kuni TDSHU delegatsiyasi, shuningdek, Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentligining Buyuk Britaniya va Yevropa bo‘yicha tijorat direktori Lachyn Italmazova bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida o‘zaro ijobiy fikr bildirar ekan, bu tashrif TDSHU va xorijiy hamkorlar o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi.