TDSHU va Yangiqo‘rg‘on tumani o‘rtasida turizm va madaniy meros asosida hamkorlik strategiyasi
2025-yil 23-may kuni Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi Asadulla Ikromovich Najmiddinov bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining turizm bo‘yicha ishchi guruhi o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 26-aprel 2023-yildagi PQ-135-son va 18-iyul 2024-yildagi PQ-269-son qarorlariga muvofiq, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga Yangiqo‘rg‘on tumanining turizm salohiyatini oshirish vazifasi biriktirilganiga asoslanadi. Uchrashuvda tomonlar 2025-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasiga kiritilgan tumanning tarixiy, madaniy va turistik imkoniyatlarini kengaytirish orqali ularni xorijiy, ayniqsa Sharq mamlakatlari bozoriga targ‘ib qilish masalalarini muhokama qildilar. Yangiqo‘rg‘on tumani o‘zining boy madaniy merosi, go‘zal tabiati va rivojlanayotgan turizm infratuzilmasi bilan sayyohlar uchun jozibali maskan hisoblanadi. Nanay qishlog‘i, hunarmandchilik markazlari, tarixiy obidalar va etnosport turlari bu hududni yanada qiziqarli qiladi.
TDSHU va tuman hokimligi ushbu boy merosni ilmiy asosda o‘rganish, uni zamonaviy turizm talablariga moslashtirish, yangi turistik yo‘nalishlar ishlab chiqish, etnoturizm va agroturizmni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qiladi. Talabalar va ilmiy tadqiqotchilar tomonidan joylardagi tarixiy obyektlar, madaniy markazlar va tabiiy resurslar tahlil qilinib, ular asosida interaktiv, ta’limiy va madaniy turpaketlar yaratiladi.
Uchrashuvda TDSHU talabalarining Yangiqo‘rg‘on tumanida amaliyot o‘tashini yo‘lga qo‘yish, ular tomonidan ilmiy tadqiqotlar olib borish, zamonaviy marketing yondashuvlari orqali turizm xizmatlarini takomillashtirish masalalari alohida muhokama qilindi. Bu orqali nafaqat talabalarning amaliy ko‘nikmalari rivojlanadi, balki tuman turizm sohasi ham yangi, zamonaviy va ilmiy yondashuvlarga ega bo‘ladi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining o‘ziga xos ustunliklaridan biri bu — Sharq mamlakatlari (Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va boshqalar) bilan tarixiy-madaniy va akademik aloqalardagi kuchli tajribasidir. Shu bois, Yangiqo‘rg‘onning turistik salohiyatini aynan ushbu mamlakatlarga ilmiy, madaniy va raqamli platformalar orqali targ‘ib qilish bo‘yicha quyidagi strategik rejalar ishlab chiqildi:
• Sharq tillarida reklama materiallari, videoroliklar va sayohat qo‘llanmalarini tayyorlash;
• Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Sharq mamlakatlaridagi hamkor universitetlar orqali xorijiy sayyohlarni jalb qilishni yo‘lga qo‘yish;
• Sharq mamlakatlari sayyohlari ehtiyojiga moslashtirilgan xizmat turlarini ishlab chiqish;
• Yangiqo‘rg‘on haqida onlayn vebinarlar, ko‘rgazmalar va madaniy tadbirlarini tashkil etish.