TDSHU vakillari Andong xalqaro Forumida
TDSHU rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva Koreya Respublikasining Andong shahrida “XXI-asrda gumanitar fanlar qadriyatlari” mavzusiga bag‘ishlangan 12-Xalqaro forumda ishtirok etdi.
Forum doirasida G.Rixsiyeva “Madaniy va ma’naviy merosni o‘rganish – insoniy qadriyatlarni ulug‘lash va xalqaro hamkorlik strategiyasining muhim yo‘nalishi sifatida” mavzusida ma’ruza o’qidi.

Ma’ruzada O‘zbekiston qadimiy madaniyat va ilm-fan beshiklaridan biri, Renessanslar o‘chog‘i bo‘lgani, tarixiy shaharlarimiz, buyuk allomalarimizning boy merosini yoritish hamda madaniy diplomatiyaning bugungi kundagi dolzarbligini ko’rsatish bilan birga,“Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi va strategiyamiz bo’yicha muhim yo‘nalishlar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil to’xtaldi.

Samarqandda o’tayotgan YUNESKOning 43-sessiyasi mohiyati haqida to’xtalib, videorolikni namoyish etdi.
Munozaralarda esa inson kapitalini rivojlantirishda gumanitar fanlarning muhimligi va O’zbekiston oliy ta’lim tizimi tajribasi xususida so’z yuritdi.
Forumda TDSHU Koreyashunoslik oliy maktabi boshlig’i Yeon Sam Heon ham o’z ma’ruzasini taqdim etdi.

Forum ishtirokchilari, tashkilotchilar, ayniqsa, yoshlar va talabalarning savol-javoblari qiziqarli bo’ldi. Ularning mamlakatimizga qiziqishi ortishida TDSHU vakillarining chiqishlari alohida ahamiyatga ega bo’ldi.