Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda Abay tavalludining 180 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi

28.11.2025, 15:38 Yangiliklar 192

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4680-son hamda «Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida»gi PQ–3598-son qarorlarida belgilangan ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Sharq hamda Markaziy Osiyo mutafakkirlari merosiga bag‘ishlangan ilmiy tadbirlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shu kabi ilmiy-ma’rifiy tadbirlarning navbatdagi bosqichi sifatida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 2025-yil 28-noyabr kuni buyuk qozoq mutafakkiri va shoir Abay Ibrohim Qunanboy o‘g‘li tavalludining 180 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman doirasida “Abay Ibrohim Qunanboy o‘g‘li – Qozog‘iston adabiyoti va tafakkurining ruhi” mavzusida ilmiy ma’ruza taqdim etildi.
Ma’ruzachi sifatida Derya Soysal – Belgiyaning Brussel erkin universiteti ilmiy xodimi, Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixi bo‘yicha mutaxassis ishtirok etdi. Tadbir Abay merosining zamonaviy tadqiqotlaridagi o‘rni, uning falsafiy qarashlari va qardosh xalqlar madaniyatiga ko‘rsatgan ta’sirini ilmiy tahlil qilishga qaratildi.

Shuningdek, tadbirga Sarsenbayev Serjan Konratbayevich – Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi maslahatchisi faxriy mehmon sifatida taklif etildi.
Ilmiy-ma’rifiy uchrashuvda universitetning professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdilar. Mazkur ma’ruza Abay ijodining mintaqaviy adabiy jarayonlar, ma’naviy uyg‘onish va qozoq-o‘zbek madaniy aloqalari rivojidagi o‘rni yuzasidan fikr almashish uchun muhim maydon vazifasini bajardi.

Mazkur ilmiy-ma’rifiy tadbir o‘z mazmuni bilan BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining bir qator bandlariga uyg‘un keladi. Avvalo, u SDG 4 – “Sifatli ta’lim” yo‘nalishiga mos ravishda talabalar, doktorantlar va tadqiqotchilar uchun zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida bilim doirasini kengaytirishga xizmat qiladi. Turkiy xalqlar o‘rtasida adabiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash orqali SDG 10 – “Tengsizliklarni qisqartirish” maqsadiga hissa qo‘shadi. Madaniyatlararo muloqot va diplomatik hamkorlikni rivojlantirishda tutgan o‘rni esa SDG 16 – “Tinchlik, adolat va kuchli institutlar” tamoyillariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Brussel erkin universiteti, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Elchixonasi hamda TDSHU o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning kengayishi bilan tadbir SDG 17 – “Hamkorlikdagi maqsadlar” bandini amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.
Tadbir Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Abay merosini chuqur tadqiq etish, turkiy xalqlar o‘rtasidagi adabiy va madaniy aloqalarni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlarning yana bir muhim bosqichi bo‘lib xizmat qildi.