Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda “Asia Alliance Bank” ATB bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

22.12.2025, 10:58 Yangiliklar 145

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida respublikamizning yetakchi moliya institutlaridan biri — “Asia Alliance Bank” ATB mutaxassislari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

E’tiborlisi, mazkur uchrashuv TDSHU bitiruvchisi, hozirda “Asia Alliance Bank” ATBda faoliyat yuritayotgan mutaxassis tomonidan olib borildi.

Uchrashuv davomida talabalarga yosh mutaxassislar uchun mo‘ljallangan o‘quv va amaliyot dasturlari, bankda kadrlar tayyorlash va rivojlantirish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, “Asia Alliance Bank” ATBda amalga oshirilgan rebrending jarayoni, bankning yangilangan g‘oyasi, missiyasi va korporativ qadriyatlari taqdim etildi.

Tadbir doirasida bank faoliyatining ustuvor va yangilanayotgan yo‘nalishlari, mijozlarga taklif etilayotgan zamonaviy bank xizmatlari hamda moliyaviy mahsulotlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari, “Alliance Pay” mobil ilovasining keng imkoniyatlari va uning zamonaviy bank xizmatlari ekotizimidagi o‘rni haqida taqdimot o‘tkazildi.

Tadbir yakunida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va “Asia Alliance Bank” ATB o‘rtasida kelgusida talabalarni bankda amaliyot bilan ta’minlash hamda ularni moliya sohasida ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha Hamkorlik memorandumi imzolash yuzasidan kelishuvga erishildi.