TDSHUda Brussel Erkin Universiteti tadqiqotchisi, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Derya Soysal ishtirokida online ma’ruza
2025-yil 2-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Markaziy Osiyo xalqlari tarixi kafedrasi hamda Doktorantura bo’limi tashabbusi bilan Belgiya Qirolligining nufuzli ilmiy dargohi — Brussel Erkin Universiteti tadqiqotchisi, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Derya Soysal ishtirokida “Maxtumquli Firog‘iy falsafasi va uning dunyodagi aks sadosi” mavzusida onlayn ma’ruza tashkil etildi.
Derya Soysal o‘z ma’ruzasida Maxtumquli ijodining falsafiy qatlamlarini ochib berdi, uning fikrlaridagi insonparvarlik, erkinlik, milliy uyg‘onish va sufiylik unsurlarini chuqur tahlil qildi. Shuningdek, u Maxtumqulining asarlari qanday qilib faqat Turkmanistonda emas, balki Turkiya, Eron, Ozarbayjon, O‘zbekiston va hatto G‘arbiy Yevropa ilmiy doiralarida ham o‘rganilayotganini isbotlovchi dalillarni taqdim etdi.
Ma’ruzadan so‘ng ishtirokchilar tomonidan bir qator savollar berildi. Jumladan, Maxtumquli asarlarining tarjimalari, uning milliy identitetni shakllantirishdagi roli va o‘z asarlarida uyg‘otgan umuminsoniy qadriyatlar haqida ilmiy munozaralar olib borildi.
Ushbu onlayn ma’ruza Markaziy Osiyo adabiy merosining jahon ilmiy maydonidagi tutgan o‘rni, xususan Maxtumquli ijodining global rezonansi borasida yangi qarashlarni namoyon etdi. Derya Soysal tomonidan taqdim etilgan fikrlar ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi va bu kabi seminarlar bo‘lajak ilmiy hamkorlik uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.




