TDSHUda o’tkazilgan hududlarning turistik salohiyatini yoritishga bag‘ishlangan maqolalar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 – 26 – apreldagi «Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ–135-sonli qarori ijrosini ta’minlash, turizm sohasida ilmiy-amaliy izlanishlarni kuchaytirish hamda hududlarning sayyohlik imkoniyatlarini keng yoritish maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida maqolalar tanlovi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Mazkur tanlov universitetga biriktirilgan hududlar Namangan viloyatining Chust, Yangiqo‘rg‘on, Surxondaryo viloyatining Boysun, shuningdek Farg‘ona viloyatining Rishton tumanlarining turistik salohiyatini ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etish va targ‘ib qilishga qaratildi.
Tanlovda iqtidorli talabalar va magistrantlar faol ishtirok etib, har bir hududning o‘ziga xos tabiiy manzaralari, tarixiy-madaniy merosi, milliy hunarmandchilik an’analari hamda zamonaviy turizm imkoniyatlari bo‘yicha puxta ilmiy maqolalar taqdim etdilar. Eng yaxshi ishlar Turizm kafedrasi mudiri i.f.n., dotsent Ch. Xusanov boshchiligida hay’at tomonidan saralandi va g‘oliblar munosib taqdirlandi.
Tadbir nafaqat yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, balki mamlakatimizning turistik brendini shakllantirishga xizmat qiluvchi yangi ilmiy yondashuvlarni rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Kafedra professor-o‘qituvchilari kelgusida ham ushbu yo‘nalishda izchil loyihalar va tanlovlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda.


