TDSHUda ilmiy-amaliy konferensiya
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Sharq sivilizatsiyasi va tarixi fakultetida 2022-yilning 28-aprel kuni “Sharq mamlakatlarining rivojlanish xususiyatlari: tarixi, antropologiyasi va falsafasi” mavzusida iqtidorli talabalarning IV- ilmiy-amaliy anjumani tashkil qilindi. Anjumanda universitetning bakalavriat va magistratura bosqichida tahsil olayotgan ko‘plab talabalar o‘z ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdilar. Maqolalarning 75 tasi anjuman natijasi sifatida e‘lon qilinayotgan to‘plamning “Sharq mamlakatlari tarixi va siyosiy jarayonlari”, “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va etnologiyasi”, “Manbashunoslik va tasavvuf germenevtikasi”, “Sharq xalqlari tarixi va antropologiyasi”, “Sharq falsafasi va madaniyati” kabi yo‘nalishlariga saralab olindi. Konferensiya yalpi majlisida tanlab olingan 10 ga yaqin ma‘ruza tinglandi va muhokama qilindi. Yalpi majlisdan so‘ng ma‘ruzachilarning chiqishlari 4 ta sho‘bada davom ettirilib, anjuman yakuni yuzasidan ustozlar va talaba yoshlarning fikr va mulohazalari eshitildi. Bildirilgan fikr mulohazalar muhokama qilinib, ilmiy maqolalari bilan ishtirok etgan talabalarga sertifikatlar topshirildi.