TDSHUda Janubiy Koreya delegatsiyasi
2025-yil 19-aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga Koreyaning Keimyung universiteti prorektori Kim Son Jung boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Uchrashuvda TDSHU bilan hamkorlikda “Filologiya va tillarni o‘qitish (koreys tili)” hamda “Iqtisod” ta’lim yo‘nalishlarida “2+2” qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bitim imzolandi. Mazkur dasturga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab talabalarni qabul qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, TDSHUda masofaviy ta’limni joriy etish borasida hamkorlikni yo’lga qo’yish borasida muhokama qilindi.
Keimyung universiteti rektori TDSHU faxriy professori ekanligi munosabati bilan, TDSHUning 20 nafar talabasi uchun 10 000 AQSh dollari miqdoridagi stipendiya taqdim etildi. Ushbu stipendiya TDSHUda ta’lim jarayonida faol ishtirok etgan, yuqori natijalarga erishgan va salohiyatli talabalar uchun ajratildi.
Shuningdek, o‘tkazilgan muzokaralar natijasida 2025/2026 o‘quv yilida TDSHUning 8 nafar koreys tili o‘qituvchilari hamda 3 nafar talabasi uchun Keimyung universitetida malaka oshirish dasturini tashkil etishga kelishildi. Bunda malaka oshirish kurslarining barcha xarajatlari Keimyung universiteti tomonidan qoplanishi belgilandi.






