Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida ijodkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

24.10.2025, 13:38 Yangiliklar 668

2025-yil 24-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Respublikamiz bo‘ylab keng miqyosda davom etayotgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida ma’naviyat va ijod ahli bilan uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida o‘tkazilib, yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, ijodiy fikrlashni rivojlantirish hamda so‘z va adabiyotga muhabbatni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Uchrashuvda taniqli ijodkorlar — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Yahyoxon Fayoz ishtirok etdi.

Tadbir davomida mehmonlar yoshlar bilan o‘z ijodiy tajribalari, adabiyot va ma’rifatning inson hayotidagi o‘rni haqida samimiy suhbatlashdilar. Shuningdek, yosh ijodkorlar o‘z ijod namunalaridan o’qib, ustozlardan tavsiyalar oldilar.

Uchrashuv davomida universitet hovlisiga «Yashil makon» dasturi doirasida daraxt ko‘chatlari ham ekildi.

Mazkur uchrashuv nafaqat talabalarda adabiyotga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi, balki ularning ma’naviy yetuk shaxs bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.