Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda Moopon Corporation rahbari janob Sumida Susumu bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

03.10.2025, 16:11 Yangiliklar 243

2025-yil 3-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida yaponiyalik yirik hamkor korxonalardan biri — Moopon Corporation rahbari janob Sumida Susumu bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashrif doirasida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xususan, talabalar uchun amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish va bitiruvchilarning bandligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida tomonlar Sharq tillarini, xususan, yapon tilini puxta o‘zlashtirayotgan talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Uchrashuvda Moopon Corporation bilan universitet talabalari uchun bevosita Yaponiyadagi kompaniyalarda malakaviy amaliyot o‘tashi bo’yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Mazkur imkoniyat yosh mutaxassislar uchun o‘z kasbiy salohiyatini oshirish, yapon korporativ madaniyatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish va amalda o‘rganish imkoniyatini yaratadi.

Janob Sumida Susumuning tashrifi doirasida bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi masalasi ham alohida e’tibor bilan muhokama qilindi. Kompaniya vakillari Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bitiruvchilari orasidan iqtidorli va yuqori malakali yoshlarni o‘z safiga jalb qilish, ularning professional rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rahbariyati o‘z navbatida Moopon Corporation bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilishi yapon tili yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun yangi istiqbollar ochib berishini, yoshlarning malakali kadrlar sifatida shakllanishida muhim omil bo‘lishini qayd etdi.