TDSHUda Sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 2025-2026-o‘quv yili qishki ta’til davrida professor-o‘qituvchilar uchun tashkil etilgan seminar-treninglar doirasida sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik mavzulariga bag‘ishlangan navbatdagi ilmiy-amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminar zamonaviy raqamli texnologiyalarning ta’lim va ilmiy tadqiqotlar jarayonidagi o‘rni, sun’iy intellekt vositalaridan samarali foydalanish hamda raqamli muhitda axborot xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda Cyber University davlat universiteti mutaxassislari ishtirok etdi. Jumladan, universitet bosh mutaxassisi Mengliyev Davlatyor Baxtiyarovich “Ilmiy izlanishlarda sun’iy intellektdan foydalanish” mavzusida ma’ruza qilib, sun’iy intellekt texnologiyalarining ilmiy-tadqiqot jarayonlaridagi amaliy imkoniyatlari, ularning samaradorlikni oshirishdagi o‘rni va mas’uliyatli qo‘llanish tamoyillari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Shuningdek, Cyber University davlat universiteti yetakchi mutaxassisi Achilov Izzat Shuxrat o‘g‘li tomonidan “Kiberxavfsizlik asoslari” mavzusida ma’ruza o‘qildi. Unda raqamli muhitda axborot xavfsizligini ta’minlash, kiberxavflarning oldini olish va foydalanuvchilarning himoyalangan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari yoritib berildi.
E’tiborlisi shundaki, raqamli transformatsiya jarayonlarining asosiy harakatlantiruvchi omillari bo‘lgan axborot texnologiyalari hamda sun’iy intellektni joriy etish va rivojlantirish masalalari 2025-yil yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasida mamlakat taraqqiyotining strategik ustuvor yo‘nalishlari sifatida alohida e’tirof etildi.
Mazkur seminar professor-o‘qituvchilarning raqamli kompetensiyalarini oshirish, ta’lim va ilmiy faoliyatda innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish hamda zamonaviy texnologiyalardan xavfsiz va samarali foydalanish bo‘yicha muhim amaliy ahamiyat kasb etdi.


