TDSHUda talabalar stajirovkasini tashkil etish hamda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash yuzasidan “JINTING AUTOMOBILE ELECTRIC» kompaniyasi bilan uchrashuv o’tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025-yil 8-avgust kuni oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 3-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xitoyning “JINTING AUTOMOBILE ELECTRIC» korxonasi vakillari bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda universitet bitiruvchilarini ishga qabul qilish, yosh mutaxassislarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish hamda ularning karyerasini bosqichma-bosqich rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, xitoy tilini chuqur egallagan talabalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ular uchun kompaniyada amaliyot va stajirovkalar tashkil etish, xalqaro tajribaga ega bo‘lish imkoniyatlarini yaratish hamda eng yaxshi bitiruvchilarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.


