TDSHUda talabalar uchun yana yangi loyihalar va imkoniyatlar eshigi ochildi
2026-yil 5-mart kuni TDSHUda “Yoshlar kuni” doirasida “Rektor va yoshlar muloqoti” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda rektor universitetning yoshlar bilan ishlash yo‘nalishlari, tadbirkorlikni rivojlantirish va xalqaro hamkorlik loyihalari haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birga, universitetda Milliy bank filiali orqali “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida yoshlar kredit olish imkoniyati mavjudligi va kamida 10 ta yangi biznes loyihasi amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Talabalarga, shuningdek, TDSHUda faoliyat yuritayotgan “Orientlab” Yoshlar klubi, hozirda 30 ta startup loyihalar ustida ishlanayotgani va yil yakunida 20 ta eng muvaffaqiyatli startup loyihalari taqdirlanishi haqida ham ma’lumot berildi.
Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida esa Yaponiyaning Balcom kompaniyasi bilan innovatsion markaz ochilishi, Koreyaning Kyungbuk universiteti bilan media markazi tashkil etilishi va koreys tili kurslari yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek, Yaponiyaning Yamagata universiteti bilan hamkorlikda kasbga yo‘naltirish bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya markazi tashkil etilishi va bepul yapon tili kurslari tashkil qilinishi rejalashtirilgani talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Turizm va mehmondo‘stlik sohalarida karyera markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, volontyorlik guruhlariga a’zo bo‘lish imkoniyati ham yaratilgan.
Sport va madaniy rivojlanish yo‘nalishida rektor olimpiadasi va rektor universiada sport klublari tashkil etilishi, talabalar velosport, shaxmat va stol tennisi to‘garaklariga yozilish imkoniyatiga ega bo‘lishi aytib o‘tildi. Shuningdek, tarjimonlar guruhiga a’zo bo‘lish va badiiy tarjimonlik bilan shug‘ullanganlar uchun rektor stipendiyasi joriy qilinadi. Til o‘rganishga ishtiyoqmand talabalar uchun esa “Ibrat farzandlari” markazi ochilishi, ularning malaka va bilimlarini oshirishga katta imkoniyat yaratishi qayd etildi.
Uchrashuv savol-javob shaklida davom etib, yoshlar rektor bilan bevosita muloqot qilib, o‘z taklif va savollarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.






















