TDSHUga Eron Islom Respublikasining O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi tashirifi
2022- yil 15- iyul kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayyirobodiy bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida universitetda eronshunoslik sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalgan holda, uni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, bugungi kunda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida turli sohalarda hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganligi bois, O‘zbekistonda sharqshunos kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ortayotganligi qayd etildi.
Shuningdek, universitetning fors tilini o‘rganayotgan talabalari uchun Eron oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada o‘qishni davom ettirish, o‘quv jarayoniga eronlik mutaxassislarni jalb etish borasida fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida elchi Hamid Nayyirobodiy tomonidan universitetning “Eron-afg‘on filologiyasi” kafedrasini zamonaviy me’yorda jihozlash bo‘yicha takliflar bildirildi.