Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUga “Oukaway” MCHJ vakillari tashrif buyurdi

24.09.2025, 17:39 Yangiliklar 388

2025- yil 24 -sentabr kuni TDSHUga “Oukaway” kompaniyasi rahbari Abror Madimarov va Yaponiyaning Ajibiz rekruting kompaniyasining Markaziy Osiyo dasturi menejeri Takai Kenta tashrif buyurdi. Uchrashuvdan maqsad universitet va yapon kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda istiqbolli kadrlarni Yaponiyaning ilg‘or kompaniyalarida ish haqi olib, malaka oshirish hamda mehnat faoliyatini olib borishiga mos shart-sharoit yaratib berish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv avvalida A. Madimarov qabul uchun minnatdorlik bildirib, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, turizm va mehmondo‘stlik, xalqaro munosabatlar, muhandislik va texnologiya, biznes boshqaruvi kabi sohalar Yaponiyaning ilg‘or kompaniyalarida amaliyot o‘tash uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda Yaponiyaga ushbu sohalar bo‘yicha Indoneziya, Nepal, Mo‘g‘uliston, Tayvan va bir qator boshqa mamlakatlardan iqtidorli talabalar davomiyligi 4 oydan 1 yilgacha bo‘lgan ish haqi to‘lanadigan amaliyot dasturlariga jalb qilinmoqda. Yapon tilini bilish darajasi amaliyot sohasi bo‘yicha N4 dan N2 darajasigacha talab etiladi.

Shu munosabat bilan TDShUda yapon tilini puxta o‘zlashtirgan talabalarni o‘z mutaxassisliklari doirasida Yaponiya kompaniyalarida 6 oylik amaliyot dasturlariga jalb qilish taklif etildi. Bunda ish beruvchi bilan avvaldan onlayn intervyu tashkil etilib, undan muvaffaqiyatli o‘tgan talabaga 1 oylik Yaponiyaga moslashish jarayonini osonlashtirish maqsadida maxsus kurs o‘tiladi. Shuningdek, amaliyot yakunida ish joyiga qiziqish bildirgan va o‘z ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli tamomlagan iqtidorli nomzodlarga amaliyot o‘tagan joyida ish faoliyatini boshlash imkoniyati taqdim etiladi.

Bundan tashqari, yapon tilini puxta o‘zlashtirgan bitiruvchilarni Yaponiyadagi kompaniyalarga ishga joylash imkoniyati mavjudligi ham ma’lum qilindi. Bunda talabalar o‘z mutaxassisliklariga muvofiq sug‘urta tashkilotlari, turizm sohasi, xalqaro savdo kompaniyalarida mehnat faoliyatini olib borishlari mumkinligi ta’kidlandi. A. Madimarov talabalar uchun e’lon qilish maqsadida mavjud vakant ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni universitetga taqdim etishini bildirdi.Shu bilan birga, talabalarni Yaponiyada amaliyotini tashkil etish, bitiruvchilarni Yapon kompaniyalariga ishga joylash masalalari muhokma qilindi.