TDSHUga Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ahmad Faruq tashrif buyurdi
2025 – yil 8 – oktabr kuni TDSHUga Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ahmad Faruq va uning o‘rinbosari Tuba Asif tashrif buyurdi. Uchrashuvda elchi Ahmad Faruq O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi turli sohalardagi hamkorlik aloqalarining rivojlanib borayotganligini alohida ta’kidladi.
Tashrif doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchixonasi o‘rtasida 2025 -yil oktabridan 2026- yil dekabrigacha mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi loyihasi imzolandi.
Muhokama jarayonida yo‘l xaritasining asosiy yo‘nalishlari sifatida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish hamda ikki davlatning boy madaniy merosini chuqur o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu hamkorlik yo‘l xaritasi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish, ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirish hamda ikki davlat o‘rtasida yangi strategik sheriklikka mustahkam poya yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Uchrashuvdan so‘ng “Yosh sharqshunos diplomatlar klubi”da Pokiston elchisi tomonidan “O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari” mavzusida ma’ruza o‘tkazildi.















