Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUga XXR Minzu universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi

17.09.2025, 12:14 Yangiliklar 249

2025-yil 16-sentyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasidagi Minzu universitetining Xalqaro taʼlim fakulteti dekani, professor Chen Tiansyu rahbarligidagi (3 nafar) delegatsiya Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif doirasida ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, taʼlim, fan va madaniyat sohalarida aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida, talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvi, qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, madaniy almashinuv tadbirlarini oʻtkazish kabi yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Talabalar almashinuvi boʻyicha kelishuvlar doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari Minzu universitetida bir semestr yoki bir oʻquv yili davomida tahsil olish imkoniyatini koʻpaytirishga kelishildi. Ushbu almashinuv dasturlari talabalarning xitoy tili boʻyicha bilimlarini mustahkamlash, Xitoyning madaniy va ijtimoiy hayoti bilan yaqindan tanishish hamda xalqaro akademik muhitda tajriba orttirishlariga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, professor-oʻqituvchilar uchun stajirovka, ilmiy izlanishlar olib borish, qoʻshma konferensiya va seminarlarda ishtirok etish imkoniyatlari yaratilishi koʻzda tutilmoqda. Jumladan, akademik almashinuvni rivojlantirish maqsadida ikki universitetda onlayn va oflayn mahorat darslari, madaniy forumlar oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Oʻzaro hamkorlik doirasida akademik sohalardagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi, talabalar va oʻqituvchilar uchun xalqaro maydonda rivojlanish imkoniyatlarini yaratishga kelishib olindi.