Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUga Yaponiya­ning “FPT Consulting Japan Co., Ltd.” tashkiloti rasmiy vakillari tashrif buyurdi

30.09.2025, 15:09 Yangiliklar 386

2025-yil 30-sentabr kuni TDSHUga Yaponiya­ning “FPT Consulting Japan Co., Ltd.” tashkiloti rasmiy vakillari tashrif buyurdi. Uchrashuv universitet bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy tajribalarini oshirish va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida tashkil etildi.

Muloqot davomida mehmonlarga universitetning akademik faoliyati, ilmiy salohiyati, bitiruvchilarning malakalari hamda ularning xalqaro hamkorlik doirasidagi tajribalari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Uchrashuvda universitetda yapon tilini mukammal o‘zlashtirgan talabalar­ning salohiyati alohida ta’kidlandi. Shuningdek, lingvistika, tashqi iqtisodiy faoliyat, xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot va mamlakatshunoslik yo‘nalishlarida ta’lim olgan bitiruvchilarni Yaponiya­ning yetakchi kompaniyalariga ishga joylashtirish masalalari batafsil muhokama etildi.

Uchrashuvda talabalar­ning kasbiy yo‘nalishlarini aniqlash va ularni xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish, ayniqsa, Yaponiya­ning nufuzli tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar yuzasidan takliflar almashildi. Universitet talabalarining malakaviy amaliyotlarini Yaponiyada o‘tash imkoniyatlari muhokama qilinib, bu borada hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

Ta’kidlash joizki, mazkur tashrif Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bitiruvchilarining xalqaro maydonda munosib o‘rin topishi, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.