Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUga Yaponiyaning Yamagata universiteti professori, Tadbirkorlik bo‘yicha ta’lim va tadqiqot markazi direktori Tadashi Onodera boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi

15.10.2025, 08:58 Yangiliklar 178

2025-yil 14-oktabr kuni TDSHUga Yaponiyaning Yamagata universiteti professori, Tadbirkorlik bo‘yicha ta’lim va tadqiqot markazi direktori Tadashi Onodera boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim va amaliy ko‘nikmalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari, shuningdek, yangi o‘quv markazini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida tomonlar o‘rtasida “Kasbga tayyorlash va tadbirkorlik bo‘yicha o‘quv markazini tashkil etish to‘g‘risida” bitim imzolash imkoniyatlari muhokama qilindi. Mazkur markaz Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti negizida tashkil etilib, Yaponiyaning Yamagata universiteti, Yapon tilini va maxsus ko‘nikmalarni o‘qitishga ixtisoslashgan markazlar hamda Yapon biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish markazlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.

Yangi markaz faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-yanvardagi “Malakali kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida”gi PF-158-son farmonida belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Markazning asosiy maqsadi yoshlar va mutaxassislarni Yaponiyada ish faoliyatini amalga oshirishga tayyorlash, tadbirkorlik hamda biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish, Yapon tili va madaniyatini chuqur o‘rganish orqali ularning kasbiy salohiyatini oshirishdan iborat. Shuningdek, markaz Yaponiyaning ilg‘or tajribalariga asoslangan o‘quv dasturlarini joriy etadi, ijtimoiy tadbirkorlik va innovatsion loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshiradi.

Mazkur hamkorlik natijasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari uchun yangi o‘quv imkoniyatlari, xalqaro standartlarga mos kasbiy tayyorgarlik dasturlari hamda Yaponiyada ish va stajirovka imkoniyatlari kengayadi.