ToshDSHIda “O‘zbekiston tarjimashunoslari forumi – 2019” mavzusida Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiya
11-dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25-fevraldagi 133-F-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan rejada belgilangan tadbirlar doirasida “O‘zbekiston tarjimashunoslari forumi – 2019” mavzusida Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi.
“O‘zbekiston tarjimashunoslari forumi – 2019” Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyaning o’tkazilishi tarjimashunoslik tarixi, tarjimachilikning rivojlanish tamoyillari, tarjima stilistikasi va tanqidi, tahrir, badiiy tarjimaning lingvomadaniy aspektlari, zamonaviy nasr va she’r tarjimasi muammolari, muallif uslubini qayta yaratish, sinxron tarjima sohasini rivojlantirish, ilmiy-texnikaviy va publisistik matnlar tarjimasi muammolari; o‘zbek adabiyoti namunalarini sharq xalqlari tillariga tarjima qilish, shuningdek, sharq tillaridan o‘zbek tiliga badiiy tarjimani amalga oshirish bilan bog‘liq dolzarb muammolarning hal bo’lishida katta ahamiyat kasb etadi.
Mazkur forumda Yozuvchilar uyushmasidan R.Haydarova, N.D.Ilin, O‘zbekiston Respublikasi FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori N.Mahmudov, O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Muhammad Ali, tarjimashunos olimlardan Z.Isomiddinov, R.Abdullayeva, Gubkin nomli Rossiya davlat neft-gaz instituti Toshkent filialidan prof. G.Mansurova, koreyalik tadqiqotchi Yeon Sangxeum, shuningdek, Respublikamizning turli oliy o‘quv yurtlaridan va tashkilotlardan tadqiqotchilar hamda tarjimonlar ishtirok etdilar.
Tarjimashunoslar forumida tarjimashunoslik tarixi va uni o‘rganish masalalari, XX asr ikkinchi yarmi tarjimachiligining rivojlanish tamoyillari, badiiy tarjimaning lingvomadaniy aspektlari, zamonaviy nasr va she’riy tarjima muammolari, sinxron tarjima sohasini rivojlantirishning dolzarbligi, XXI asrda ilmiy-texnikaviy tarjima taraqqiyoti kabi bugungi kunda tarjimashunoslik sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.