Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti turizm ishchi guruhi hunarmandlar xonadonida
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti turizm ishchi guruhi Rishton tumani Oqtomir mahallasidagi hunarmand-tadbirkor Bahromjon G‘ofurovning xonadoniga tashrif buyurdi. Mazkur xonadon qadimiy va zamonaviy qirg’iz milliy hunarmandchiligining jonli eksponati sifatida e’tiborga loyiqdir.
Hunarmand Havoxon G‘ofurovaning oilasi avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qirg’iz milliy hunarmandchilik an’analarini bugungi kunda ham davom ettirib kelmoqda. Ular tomonidan qo‘y va tog‘ echkisi junidan to‘qilayotgan turli gilamlar, jun yo‘rgak, hamda boshqa xo‘jalik mahsulotlari nafaqat estetik, balki amaliy ahamiyatga ham ega. Ayniqsa, qo‘lda to‘qilgan gilamlar va joynamozlar yurtimizning etnik-madaniy merosini ifodalovchi noyob namunalar hisoblanadi. To‘qimachilik jarayonida ishlatilayotgan naqsh va rang tanlovi ushbu hududda saqlanib qolgan qadimiy uslublarni o‘zida mujassam etgan bo‘lib, ular Farg‘ona vodiysi madaniy identitetining muhim ko‘rinishidir.
Ayni paytda Oqtomir qishlog‘ining turizm va madaniyat sohalarida yangi bosqichga chiqish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Farg’ona viloyati turizm boshqarmasi yetakchi mutaxassisi B. Ermatovning ta’kidlashicha, ushbu mahallaga «Etno qishloq» maqomini berish loyihasi o’rganib chiqilmoqda va ushbu loyiha yil yakunigacha amalga oshirilishi ko’zda tutilgan. Bu esa hududdagi an’anaviy hunarlarni rivojlantirish, xalq amaliy san’atini keng ommaga tanitish va yosh avlodga o‘rgatish uchun muhim zamin yaratadi. Shuningdek, ushbu tashabbus orqali qishloq aholisi hunarmandchilikdan barqaror daromad manbai sifatida foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Ushbu tashrif davomida ishchi guruh a’zolari G‘ofurova xonadonida olib borilayotgan ishlarni batafsil o‘rganib, an’anaviy hunarmandchilikni zamonaviy etnoturizm bilan uyg‘unlashtirish borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqdilar. Oqtomir mahallasi misolida ko‘rinib turibdiki, mahalliy madaniy merosni asrash va uni iqtisodiy rivojlanish omiliga aylantirish imkoniyati mavjud bo‘lib, bunday tashabbuslar mamlakat miqyosida madaniy antropologiya va amaliy etnologiyaning yangi yo‘nalishlarini shakllantirishga xizmat qiladi.