Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Chust tumani o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik yangi bosqichda

25.09.2025, 09:24 Yangiliklar 259

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Chust tumani o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik doirasida yangi bosqichdagi muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda universitetning Turizm kafedrasi mudiri Husanov Chori Qodirivich va Chust tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Boybaev Zuxriddin Raymjonovich ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida tomonlar Chust tumanining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, hududda zamonaviy turizm ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlarni sohaga keng jalb etish va shu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalarini muhokama qilishdi.

Shuningdek, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, tarixiy-madaniy meros ob’ektlaridan samarali foydalanish, an’anaviy hunarmandchilikni targ‘ib qilish hamda mahalliy aholi bandligini oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:

  • Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari uchun Chust tumanida amaliyot va stajirovkalarni tashkil etish;
  • Mahalliy gidlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish;
  • O‘quv seminarlar, treninglar va mahorat darslari orqali yoshlar va o‘quvchilarga zamonaviy turizm bo‘yicha bilim berish;
  • Tuman maktablari va kollejlarida turizmga oid ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish;
  • Chust tumanining sayyohlik xaritasi va axborot materiallarini ishlab chiqish.

Muhim jihati shundaki, uchrashuv davomida Chust tumanidagi 1 va 2-sonli politexnikumlar negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Turizm kafedrasi filialini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu esa hududda sohaga oid ta’lim va malaka oshirish tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Tomonlar yaqin kunlarda qo‘shma loyihalar, dasturlar va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalashtirish ishlarini boshlashga kelishib oldilar.

Mazkur hamkorlik tashabbusi Chust tumanida turizm sohasini kompleks rivojlantirish, yoshlar bandligini ta’minlash hamda O‘zbekistonning ichki va xalqaro turizm salohiyatini oshirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.