Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida islomning ilk tarixnavisligiga bag‘ishlangan ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi

31.10.2025, 14:41 Yangiliklar 352

2025-yil 31-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Sharq sivilizatsiyasi va falsafa fakultetida Markaziy Osiyo xalqlari tarixi kafedrasi tashabbusi bilan universitetga Erasmus+ ICM (Xalqaro kredit mobilligi) doirasida tashrif buyurgan Italiyaning Piza universiteti tadqiqotchisi, manbashunos olim Matteo Cecchetti ishtirokida ilmiy seminar tashkil etildi. Tadbirda fakultet dekani, kafedra professor-o‘qituvchilari, tayanch doktorantlar, tadqiqotchilar, magistrantlar hamda talabalar ishtirok etdilar.

Seminarda Matteo Cecchetti “Xotira orqali tarix bunyod etish: Islomning ilk tarixnavisligi yuzasidan tadqiqiy mulohazalar” mavzusida ma’ruza taqdim qildi. Ma’ruza davomida Islomning dastlabki tarixnavisligi qanday shakllanganligi, unda o‘tmish voqealarini xotira manbasi sifatida talqin qilish jarayonlari ilmiy-nazariy asosda yoritib berildi.

Tadqiqot markazida VIII–IX asrlarga oid “Nihayat al-Irab fi aḫbar al-Furs va-l-Arab” nomli nodir manba turadi. Mazkur asar arab va fors tarixiy xotirasini o‘zida uyg‘un mujassam etgan bo‘lib, islomdan avvalgi Eron siyosiy merosi bilan arab qabilaviy tarixini o‘zaro bog‘lab, islomiy davrga o‘tish jarayonidagi madaniy va mafkuraviy o‘zgarishlarni aks ettiradi.

Ma’ruzachi mnemotarixiy yondashuv asosida asarda keltirilgan Ardashir va Yaman hukmdori As’ad ibn Amr haqidagi rivoyat syujetini tahlil qildi. Ushbu rivoyat orqali arab va fors tarixiy tasavvurlari islomiy ideologik makonda qayta talqin qilingani, o‘tmish merosining yangi ma’naviy kontekstda qayta joylashtirilgani ko‘rsatib berildi. Ma’ruzada qayd etilishicha, ilk islomiy tarixiy matnlar avvalgi siyosiy-ma’naviy an’analarni rad etmasdan, aksincha ularni umumislom madaniy xotirasiga uyg‘un ravishda qo‘shib boradi. Bu jarayon tarixiy rivoyatning nafaqat ma’lumot yetkazish vositasi, balki identitet va tarixiy o‘zlikni shakllantirish instrumenti sifatidagi ahamiyatini yoritadi.

Seminar yakunida ishtirokchilar ma’ruzachi bilan savol-javob o‘tkazib, mavzu doirasida ilmiy fikr almashinuvi amalga oshirildi. Tadqiqotchilar ushbu yondashuvning manbashunoslik, tarixiy germenevtik tahlil va madaniy xotira tadqiqotlarida yangi ilmiy istiqbollar ochishi mumkinligini ta’kidladilar.

Tadbir ilmiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, xalqaro akademik tajriba almashish hamda Sharq tarixiy merosiga zamonaviy metodologik yondashuvlarni tatbiq etish borasidagi izchil ishlarning yana bir muhim bosqichi bo‘ldi.