Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida IT-park vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025-yil 8-avgust kuni oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 18-sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) vakillari bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda universitet bitiruvchilarini ishga qabul qilish (recruiting) jarayonlarini samarali yo‘lga qo‘yish, yosh mutaxassislarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish hamda ularning karyerasini bosqichma-bosqich rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, xorijiy tillarni chuqur egallagan talabalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ular uchun xorijiy yetakchi kompaniyalarning O‘zbekistondagi rezident ofislarida amaliyot va stajirovkalar tashkil etish, xalqaro tajribaga ega bo‘lish imkoniyatlarini yaratish hamda eng yaxshi bitiruvchilarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va IT-park o‘rtasida xorijiy tillarni mukammal biladigan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash yuzasidan Hamkorlik memorandumi imzolashga kelishildi.

