Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda “Uyg‘unlik va hamkorlik bo‘yicha sivilizatsiyalar forumi – 2026”ni tashkil etish masalalari muhokama qilindi

30.03.2026, 14:48 Yangiliklar 104

2026-yil 30-mart kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga Xalqaro Konfutsiy assotsiatsiyasi vakillari tashrif buyurdi. Mazkur uchrashuvda 2026-yilning 12-iyun kuni TDSHU hamkorligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Uyg‘unlik va hamkorlik bo‘yicha sivilizatsiyalar forumi – 2026” mavzusidagi xalqaro ilmiy tadbirni tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Mazkur forum ilmiy-madaniy muloqotni rivojlantirish, sivilizatsiyalararo hamkorlikni mustahkamlash hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Xitoy tomoni tomonidan ta’kidlanishicha, ushbu nufuzli forumda Xitoy Xalq Respublikasi ta’lim vaziri, Xalqaro Konfutsiy assotsiatsiyasi rahbari hamda boshqa yuqori darajadagi rasmiy delegatsiya vakillarining ishtiroki kutilmoqda. Bu esa mazkur ilmiy tadbirning xalqaro ahamiyati va nufuzini yanada oshiradi.

Muzokaralar davomida TDSHU rektori G. Rixsiyeva forumni yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan bir qator muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, tadbirda ishtirok etuvchi delegatsiyalar o‘rtasida muvozanatni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tomonidan ham Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda boshqa yuqori lavozimli rasmiylarni jalb etish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, forumni puxta va samarali tashkil etish uchun batafsil tadbir dasturini ishlab chiqish, ilmiy anjuman yakunlari bo‘yicha maqolalar to‘plamini nashr etish, shuningdek, mazkur jarayonga TDSHU talaba-yoshlarini faol jalb etish taklif etildi. Rektor o‘z nutqida universitet huzuridagi Konfutsiy instituti Xitoy tomoni tomonidan yuqori baholanayotganini alohida ta’kidlab, bu esa kelgusi hamkorlik loyihalarini yuqori saviyada amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratishini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida mas’ul vakillar belgilandi hamda forumni tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish yuzasidan kelishuvga erishildi.