Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xitoyning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 8-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xitoyning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Beijing Puruo fondi va Shandong Yingxiang Airlines bosh direktori Jia Syanlyan hamda Shantou Sun’iy intellekt laboratoriyasi rahbari Yang Yanzi ishtirok etdi.
Uchrashuvda raqamli ta’lim, innovatsion texnologiyalar va “Aqlli kampus” loyihasi bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xitoy tajribasida bu loyiha “platforma + ma’lumotlar + ilovalar + stsenariylar + ekspluatatsiya” tamoyiliga asoslanib, universitet hayotining barcha sohalarini raqamlashtirishni ko‘zlaydi. Uning asosiy yo‘nalishlari sifatida raqamli infratuzilma, yagona ma’lumotlar markazi, aqlli ta’lim tizimi, onlayn boshqaruv, kartasiz to‘lov tizimi, xavfsizlikni raqamli himoya qilish va doimiy ekspluatatsiyani tashkil etish belgilangan.
Tomonlar TDSHUda ushbu konsepsiyani bosqichma-bosqich joriy etish hamda raqamli ta’lim va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim va texnologik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.

