Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Toshkent davlat sharqshunoslik unversiteti va Yangiqo‘rg‘on tumani turizm hamkorligi yangi bosqichda

24.09.2025, 09:12 Yangiliklar 251

2025-yil 22-sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turizm kafedrasi mudiri Husanov Chori Qodirivich hamda Yangiqo‘rg‘on tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Mehmanov Esonbek Xolmirzayevich o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv doirasida tuman hududida turizm salohiyatini oshirish, shuningdek, o‘quvchilar va mahalliy yoshlar o‘rtasida zamonaviy turizm bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish yuzasidan o‘zaro hamkorlikka kelishildi.

Uchrashuv davomida tomonlar turizm sohasidagi imkoniyatlar, mavjud infratuzilma, tarixiy-madaniy meros ob’ektlari, mahalliy aholi bandligini ta’minlash imkoniyatlari haqida atroflicha fikr almashishdi. Xususan, Yangiqo‘rg‘on tumanining boy tarixiy va madaniy merosini, tabiiy go‘zalliklarini hamda an’anaviy hunarmandchilik faoliyatlarini turizm yo‘nalishida ilgari surish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Turizm kafedrasi vakillari tomonidan tuman miqyosida turizmni rivojlantirish bo‘yicha quyidagi takliflar ilgari surildi:

  • Talabalar uchun amaliyot va stajirovkalarni Yangiqo‘rg‘on tumanida tashkil etish;
  • Mahalliy gidlar tayyorlash, ularni malaka oshirish kurslariga jalb qilish;
  • O‘quv seminarlar, treninglar va mahorat darslari orqali o‘quvchilar va mahalliy yoshlarga zamonaviy turizm yondashuvlarini o‘rgatish;
  • Tuman maktablari va kollejlarida turizm sohasiga oid ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish;
  • Yangiqo‘rg‘on tumanining sayyohlik xaritasini ishlab chiqish hamda axborot materiallarini tayyorlash.

Tomonlar ushbu hamkorlik doirasida yaqin kunlarda qo‘shma loyiha, dastur va tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib olishdi. Bu tashabbus tuman yoshlarini turizm sohasiga kengroq jalb etish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda hududda yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Mazkur uchrashuv ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, O‘zbekistonning ichki va xalqaro turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarga munosib hissa qo‘shadi.