Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

“Tourism Fest – 2025”: TDShUda Xalqaro Turizm kuni keng nishonlandi

27.09.2025, 16:30 Yangiliklar 465

2025-yil 27-sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Turizm kafedrasi tashabbusi bilan “Xalqaro Turizm” kuniga bag‘ishlangan keng qamrovli “Tourism Fest – 2025” festivali o‘tkazildi. Festivalning asosiy maqsadi – talaba-yoshlar o‘rtasida turizm sohasiga qiziqishni oshirish, milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish hamda ijodiy va intellektual salohiyatni yuzaga chiqarishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori D.B.Sayfullayev. ochib berdi. Shuningdek, TSXIM instituti direktori G.T. Arifjonov hamda Turizm kafedrasi mudiri Ch.Q.Xusanovlar ishtirok etib, barchani bayram bilan tabriklab, talabalarga o‘zlarining samimiy tilaklarini yo‘llashdi. Festival doirasida turli xil madaniy, ijodiy va intellektual tadbirlar tashkil etildi, jumladan: “Turizm kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri”

– talabalarning badiiy chiqishlari, qo‘shiqlar va raqslar namoyishi bilan boyitildi;

– “Milliy qadriyatlar ko‘zgusi” nomli gastronomik ko‘rik-tanlov – talabalar milliy taomlarni tayyorlash va ularni ijodiy uslubda taqdim etish orqali o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi;

“Zakovat” intellektual o‘yini – turizm, madaniyat va tarixga oid savollar orqali talabalar o‘rtasida bilimlar bellashuvi o‘tkazildi;

Videoroliklar tanlovi – talabalar tomonidan turizmni targ‘ib qiluvchi, milliy qadriyatlarni aks ettiruvchi qisqa videolavhalar namoyish qilindi.

“Tourism Fest – 2025” nafaqat bayramona kayfiyat ulashdi, balki turizm sohasi bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar uchun o‘z qobiliyatlarini ko‘rsatish, ijodiy ishlanmalarini taqdim etish va milliy qadriyatlarni chuqurroq anglash imkoniyatini yaratdi. Tadbir yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari hamda diplomlar bilan taqdirlandi.