Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Turizm va taʼlim integratsiyasi: Sharqshunoslar Boysun maktablarida

05.10.2025, 12:41 Yangiliklar 197

Boysun tumani — O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi, tabiiy go‘zalliklari va qadimiy an’analari bilan ajralib turadigan bebaho hududlaridan biridir. So‘nggi yillarda ushbu hududda turizm salohiyatini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish borasida qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turizm ishchi guruhi tomonidan Boysun tumanidagi 2 va 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida turizm va ta’lim integratsiyasiga bag‘ishlangan seminar-treninglar tashkil etildi.

Tadbir davomida Turizm kafedrasi mudiri Ch.Xusanov tomonidan Boysunning tarixiy obidalari, milliy hunarmandchilik an’analari, tabiiy manzaralari va turizm rivoji uchun mavjud imkoniyatlar haqida qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi.

Uchrashuv o‘quvchilarga turizm sohasining zamonaviy yo‘nalishlari, gidlik faoliyati, mijozlar bilan muloqot madaniyati kabi amaliy jihatlar bilan tanishish imkoniyatini yaratdi. Ushbu tadbirlar yoshlar orasida milliy qadriyatlarni anglash, tarixiy merosga mehr uyg‘otish va turizm kasbi haqida bilim ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qildi.

Tadbir doirasida “Gidlik faoliyati asoslari va mijozlar bilan ishlash ko‘nikmalari” nomli qisqa o‘quv kursi hamda “Tourism & Travel Club” nomli turizm yoshlar klubi tashkil etildi. Ushbu tashabbuslar maktab o‘quvchilarining amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, turizm sohasiga bo‘lgan ilmiy va kasbiy qiziqishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu tashabbuslar orqali yoshlar orasida tarixiy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish, shuningdek, mamlakat turizm salohiyatini oshirishga bo‘lgan qiziqish tobora ortmoqda.