Turizm va taʼlim integratsiyasi yoʻlida: Sharqshunoslar Boysun maktablarida
Boysun tumani — O‘zbekistonning bebaho tarixiy-madaniy merosi, tabiiy go‘zalligi va qadimiy an’analari bilan ajralib turadigan hududlaridan biridir. Ushbu hududning turizm salohiyati nafaqat xorijlik sayyohlar, balki yoshlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turizm ishchi guruhi tomonidan Boysun tumanidagi 13 va 25-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda Aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabda turizm va ta’limga bag‘ishlangan targ‘ibot ishlari olib borildi. Tadbir davomida Turizm kafedra mudiri Ch.Xusanov tomonidan Boysun tumanining tarixiy obidalari, milliy hunarmandchilik an’analari, tabiiy go‘zal manzaralari va zamonaviy turizm imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berdi.
Tuman maktablarida amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar mahalliy o‘quvchi-yoshlar o‘rasida turizm sohasiga qiziqishni oshirish, tarixiy merosni anglash va milliy o‘zlikni mustahkamlashga hamda o‘quvchilarda turizm sohasi haqida to‘liq tushuncha shakllantirish, shuningdek, kasb tanlashga yo‘naltirish uchun xizmat qilmoqda.
Mazkur maktablarda o‘tkazilgan seminar-treningda Toshkent davlat sharqshunoslik unversiteti Turizm kafedrasi tomonidan, o‘quvchi yoshlar uchun “Gidlik faoliyati asoslari va mijozlar bilan ishlash ko‘nikmalari” mavzusidagi qisqa o‘quv kursi hamda “Tourism & Travel Club turizm yoshlar kulubi” to‘garagi tashkil qilindi.
Bunday maxsus kurs va to’garaklarning tashkil etilishi, nafaqat maktab o‘quvchilarida turizm va ta’limga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otadi balki, Boysun tumani tarixini, madaniyatini o‘rganishga, shuningdek kelajakda yaxshi kasb tanlash, yurt ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shishga undaydi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ushbu tashabbus orqali nafaqat ta’limni, balki milliy qadriyatlar asosida turizmni rivojlantirishga, eng muhimi, yoshlar qalbida vatanparvarlik va tarixiy o‘zlik tuyg‘usini shakllantirishga ulkan hissa qo‘shadi.
Tadbir so‘ngida maktab drektorlari tomonidan Turizm ishchi guruhi vakillariga hamda unversitet rahbaryatiga chuqur minatdorchilik bildirildi.


