Turizm va taʼlim sohasida hamkorlik: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Boysun tumani o‘rtasida yangi tashabbuslar
2025-yil 2-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Surxondaryo viloyati Boysun tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi o‘rtasida turizm va taʼlim yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda universitetning Turizm kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Ch. Xusanov va Boysun tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i E.Abdurahimov ishtirok etdi.
Mazkur muloqot doirasida tomonlar quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar:
- Boysun tumanida turizm salohiyatini o‘quvchi-yoshlar orasida keng targ‘ib qilish;
- O‘quvchilarda turizmga oid zamonaviy ko‘nikmalarni shakllantirish;
- Mahalliy gidlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish;
- Maktablarda turizmga oid o‘quv mashg‘ulotlari, seminar-treninglar va mahorat darslarini tashkil etish;
- Boysunning tarixiy-madaniy obidalarini ta’lim jarayonida keng targ‘ib qilish orqali yoshlar ongida vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmatni shakllantirish.
Shuningdek, muhokamalar davomida tomonlar ushbu hamkorlikni nafaqat o‘quvchilar va talabalar uchun amaliy ahamiyatga ega loyiha sifatida, balki Boysun tumanining turistik brendini yaratish va uni ichki hamda xalqaro maydonga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadilar.
