Turkologiya
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ilmiy-uslubiy, ma’rifiy jurnali
“TURKOLOGIYA” – O‘zbekistonning ma’naviy, madaniy-ijtimoiy hayotiga, shuningdek, sharqshunoslik fani, xususan, xorijiy Sharq mamlakatlari adabiyoti, Sharq falsafasi, san’ati, madaniyati, maorifi, tarixi, mamlakatshunosligiga oid masalalar bo‘yicha dolzarb mavzularda maqolalar chop etiladigan ilmiy-uslubiy, ma’rifiy jurnal. Jurnal 1 yilda 4 marta, ya’ni har chorakda bir nashr qilinadi.
Jurnalda quyidagi ruknlar mavjud:
- TILSHUNOSLIK, ADABIYOTSHUNOSLIK, TARIX, FALSAFA, TARJIMASHUNOSLIK, MANBASHUNOSLIK VA MATNSHUNOSLIK,
- JAHON SIYOSATI VA XALQARO MUNOSABATLAR, IQTISOD,
- SHARQ SAN’ATI, SHARQ TILLARINI O‘QITISH, ILMIY AXBOROT, TAQRIZLAR, ILMIY HAYOT
Bosh muharrir – Rixsiyeva Gulchehra Shavkatovna
filologiya fanlari nomzodi, professor
“TURKOLOGIYA” ilmiy jurnalida chop etiladigan maqolalarga qo‘yiladigan talablar:
- Nashrga original, ilgari nashr qilinmagan maqolalar va jurnal mavzusiga mos keladigan materiallar qabul qilinadi;
- maqolada sharqshunoslik bilan bog‘liq adabiyotshunoslik, tilshunoslik, falsafa, tarix, iqtisodiyot kabi fan sohalarining dolzarb masalalari va ilmiy yangiliklari yoritilishi lozim;
- original maqolaning hajmi (annotatsiya, tayanch so‘z va iboralar hamda foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati bundan mustasno) 1 interval oraliqda 10–12 bet bo’lishi kerak;
- matni Microsoft Word, A4 formatida, Times New Roman shriftining 14 kattaligida, matnning ikki yonidan qoldiriladigan o‘lcham – 2 sm, xat boshi (abzas) – 1,25 sm;
- maqola qog‘ozga chiqarilgan va elektron variantlarda kamida 2 ta taqriz (ichki va tashqi) bilan nashriyotga topshiriladi.
Maqolaning tuzilishi quyidagicha tavsiya etiladi:
Maqola va boshqa materiallar sarlavhasi qisqa, mazmunga muvofiq va 12 so‘zdan oshmasligi kerak.
Muallifning to‘liq ismi quyidagi tartibda qayd etilishi kerak: ismi, otasining ismi, familiyasi, ikki yoki undan ortiq mualliflar bo‘lsa, vergul bilan ajratiladi.
Muallif(lar)ning ish joyi quyidagi tartibda taqdim etilishi kerak: bo‘lim (kafedra), muassasa (institut), shahar va mamlakat.
Ketidan muallifning telefon raqami, faks raqami, elektron pochta manzili keltirilgan bo‘lishi kerak.
Maqolaning sarlavhasi, muallif(lar) haqidagi ma’lumotlar lotin alifbosi (transliteratsiya)da beriladi.
Annotatsiya hamda tayanch so‘z va iboralar:
Annotatsiya – ilmiy xarakterdagi maqola hajmidan tashqari berilgan ingliz, rus va o‘zbek tillaridagi qisqacha bayon.
Annotatsiyada maqolaning asosiy jihatlarini bayon etishda quyidagilarga e’tibor beriladi:
– tadqiqotning asosiy ma’lumotlarini qamrab olishi va ishda mavjud bo‘lmagan faktlar bo‘lmasligi lozim;
– maqolaning tuzilishi Annotatsiyada takrorlanadi: kirish, maqsad va vazifa, usullar, natija/muhokama, xulosa/mulohaza;
– natijalar aniq va lo‘nda bo‘lib, uzviylikda beriladi;
– annotatsiyada maqola sarlavhasi takrorlanmaydi, keraksiz izohlar, “kirish jumlalari” (muallif maqolada shuni nazarda tutadiki…) bo‘lmasligi lozim;
– annotatsiyada iqtibos keltirilmaydi;
– annotatsiya matnining hajmi 250–300 so‘zdan iborat bo‘lishi lozim;
– annotatsiya 3 ta tilda: o’zbek, rus va ingliz tillarida beriladi.
Tayanch so‘z va iboralar (8–10 ta) maqolaning asosiy mazmunini ifodalab, asosan, sohaga doir muhim tushunchalardan tashkil topgan bo‘lishi, o’zbek, rus va ingliz tillarida berilishi lozim.
Kirish: Maqolada tadqiqotning maqsadi va maqola yozilish vaqtida ilmiy muammoning holati aks etishi kerak.
Maqsad va vazifa: Maqolaning mazmun-mohiyati maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda tizimli ravishda ochib beriladi.
Usullar: Tadqiqot usullari batafsil tavsiflangan bo‘lishi lozim.
Natijalar va mulohaza: Natijalar va mulohazalar kengaytirilgan shaklda taqdim etilishi kerak (jadvallar va tasvirlar yordamida), shuningdek, ilgari nashr etilgan natijalarning qiyosiy tahlili va talqini beriladi.
Xulosa: Kirish qismida qo‘yilgan savollarga javoblar, xulosalar aniq ko‘rsatilishi kerak.
Ilmiy axborot rukniga beriladigan maqolalar ham yuqoridagi talablarga javob berishi, ularning hajmi 4–5 sahifa bo‘lishi kerak.
Ilmiy hayot rukniga sharqshunoslik bilan bog‘liq ilmiy anjumanlar, davra suhbatlari, tadbirlar haqidagi materiallar 2 betgacha hajmda bo‘ladi.
Jurnalda chop etishga taqdim etilgan taqrizlar 5 betgacha hajmda bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, jurnal sahifalarida o‘zbek adabiyoti namunalarining sharq tillariga tarjimalari va sharq tillaridan o‘zbek tiliga qilingan yangi tarjimalar berib boriladi.
Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan, past saviyada yozilgan va ma’lumotlari eski bo‘lgan maqolalar chop etilmaydi va mualliflariga qaytarib berilmaydi.