O‘zbekiston va Pokiston: hamkorlik aloqalarining buguni va istiqbollari
Pokiston bugungi kunda ulkan salohiyatga ega bo‘lgan mamlakatlar qatoridan joy olgan davlatlardan biri hisoblanib, mamlakat salmoqli ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va inson salohiyati, qulay geosiyosiy joylashuvi va muvozanatli tashqi siyosati tufayli bugungi kunda mintaqaviy siyosatda hamda dolzarb xalqaro masalalarni hal etishda muhim rol o‘ynamoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida samarali muloqot o‘rnatish va uni mustahkamlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida qariyb 75 yildan beri malakali professor-o‘qituvchilar tomonidan urdu tili, urdu adabiyoti, urdu tili leksikologiyasi, urdu tili nazariy grammatikasi hamda urdu tili tarixi kabi maxsus kurslar ham o‘qitilib kelinmoqda.
Bugun O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o’rnatilganligining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida “O‘zbekiston va Pokiston: hamkorlik aloqalarining buguni va istiqbollari” ilmiy-ma’rifiy tadbiri hamda TDSHUda “Urdu tili, adabiyoti, Pokiston tarixi va madaniyati” kafedrasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi o’rinbosari Komiljon Karimov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm qoʻmitasi raisi Alimov Ravshanbek Azadbekovich, TDSHU rektori Rixsiyeva Gulchehra Shavkatovna, Pokiston Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixona maslahatchisi Hurram Alilar so‘zga chiqdilar. Urdushunos olim, “Do‘stlik” ordeni sohibi Xolmirzayev Toshmirza Xolmirzayevich “Oʻzbekistonda urdu tilining oʻqitilishi tarixidan”mavzusida ma’ruza qildilar. Talabalarning ijodiy chiqishi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.