“Uzekspomarkaz”da bo’lib o’tgan “Ipak yo‘lida turizm” xalqaro ko‘rgazmasidan fotolavhalar
2018-yil 3-5 oktabr kunlari “O‘zekspomarkaz”da “Ipak yo‘lida turizm” nomli XXIV Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu ko‘rgazmada Toshkent davlat sharqshunoslik institutining bir qator qiziquvchan va faol talabalari ham ishtirok etdilar va o‘zlari uchun O‘zbekiston turizm salohiyatini qaytadan kashf ettilar ham bir qator xorijiy sharq mamlakatlari delegatlari bilan muloqot olib bordilar.
Ko‘rgazmada “Ipak yo‘lida turizm 2018” Toshkent xalqaro turistik yarmarkasining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishtirok etdi. U BMT Butunjahon sayyohlik tashkiloti qoshidagi Yevropa mintaqaviy direktori o‘rinbosari Kristofer Imbsenga O‘zbekiston bilan sermahsul hamkorlik va Toshkent xalqaro turistik yarmarkasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganlik uchun minnatdorchilik bildirdi.
Aziz Abduhakimov “Ipak yo‘lida turizm” yarmarkasi butun dunyo turizm sohasi vakillari sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi Markaziy Osiyodagi eng yirik maydon hisoblanishini ta’kidladi. Shuningdek Bosh vazir o‘rinbosari turizm O‘zbekistonda yetakchi sohalardan biri sifatida belgilangani va bu kabi strategik muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlarga katta e’tibor qaratilayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, professionallarning bunday konstruktiv uchrashuvlari mamlakatlarimizdagi turistik sohaning jadal rivojlanishiga turtki beradi. “Turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish yo‘lida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar hamda O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi mahalliy turizm sanoatining tezkor rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi”, – dedi Bosh vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, ko‘rgazmada AQSh, Xitoy, Koreya Respublikasi, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Singapur va Turkiya kabi mamlakatlarining investision kompaniyalari O‘zbekistonda turli infratuzilmaviy turistik ob’ektlarni yaratishga doir qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga qiziqish bildirilayotganligi ta’kidlandi.
Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi