Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti delegatsiyasi QS xalqaro reytingida 165-o‘rinni egallagan Al-Forobiy nomidagi Qozoq Milliy universitetida

26.05.2025, 11:19 Yangiliklar 433

2025 yilning 23-26 may kunlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining professor-o‘qituvchilari delegatsiyasi, Sharq xalqlari tillari va adabiyoti instituti direktori, filologiya fanlari doktori Mirzaxmedova Xulkar Vosilovna boshchiligida Qozog‘istonning ilg‘or universitetlaridan biri va QS xalqaro reytingida 165-o‘rinni egallagan Al-Forobiy nomidagi Qozoq Milliy universitetiga (Olmaota shahri) tashrif buyurdi. (https://farabi.university/news/96960)
Safar doirasida mazkur delegatsiya Yaponshunoslik kafedrasi hamda universitetning Sharqshunoslik fakulьteti faoliyati bilan tanishdi, ta’lim dasturlari va metodik yondashuvlarni o‘rgandi hamda sharqshunoslik va yaponshunoslik sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.

photo_2025-05-26_20-21-51

Xususan, TDShU Yaponshunoslik oliy maktabi rahbari, PhD, dotsent Xalmurzayeva Nodira Tashmurzayevna hamda ushbu maktabning katta o‘qituvchilari — Tursunova Nilufar Talatovna, Fatkulina Luiza Nailevna va Ishimura Ikumi tarkib topgan delegatsiya mezbon universitetning Yaponshunoslik kafedrasi mudiri Bo‘rankulova Samal Kenesovna bilan uchrashib, o‘zaro yaponshunoslikni rivojlantirish hamda sifatli ta’lim berish borasida fikr va tajriba almashildi. Ayniqsa, ular tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv reja va sillabuslar bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, QS reytingida 300 talik eng yaxshi universitetlar ro‘yxatiga kirgan Al-Forobiy nomidagi Qozoq Milliy universitetining Asosiy sharq tili (yapon tili) fani bo‘yicha mavjud o‘quv dasturlari tahlil qilinib, foydalanish maqsadida olib kelindi.

photo_2025-05-27_12-18-08

Delegatsiya fakulьtetning tashkiliy tuzilmasi, til yo‘nalishlari hamda Al-Forobiy nomidagi Qozoq Milliy universitetining asosiy yutuqlari bilan yaqindan tanishdi. Hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni yaratish, metodik seminarlar va malaka oshirish kurslarini tashkillashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Fakulьtetda pushtu, malay va vьetnam tillari kabi yangi tillarni rivojlantirish tashabbuslariga alohida qiziqish bildirildi. Tomonlar pushtu tili bo‘yicha o‘quv qo‘llanmasi tayyorlash va uni Al-Forobiy nomidagi Qozoq Milliy universitetida nashr etish bo‘yicha qo‘shma xalqaro loyihani boshlashga kelishib oldilar.
Shuningdek, 2025–2026 o‘quv yili boshida sharq tillari o‘qituvchilari almashinuvi hamda yaponshunos doktorantlarni tayyorlash sohasida qo‘shma faoliyatni boshlash rejalashtirilmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Al-Forobiy nomidagi Qozoq Milliy universiteti rahbariyatiga samimiy qabul va samarali hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiradi hamda universitetlarimiz o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarining yanada mustahkamlanishi va rivojlanishiga umid bildiradi.