Xalqaro kredit mobilligi doirasida malaka oshirish
Italiyaning Piza Universiteti tadqiqotchisi, manbashunos mutaxassis Matteo Sheketti 2025-yil 20-oktabr kunidan boshlab Erasmus+ ICM (Xalqaro kredit mobilligi) doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Markaziy Osiyo xalqlari tarixi kafedrasida malaka oshirib kelmoqda.
Malaka oshirish jarayoni mobaynida tadqiqotchi kafedraning ilmiy salohiyati, professor-o‘qituvchilar tarkibi, o‘quv va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan tanishtirildi. Shuningdek, universitet kutubxonasining manbalar fondi, xususan, Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatiga doir qadimiy manbalar bilan ishlash imkoniyati yaratildi.
Tadqiqotchiga kafedra tomonidan katta o‘qituvchi Isobek Xudoynazarov maslahatchi (tyutor) sifatida biriktirildi. Tadqiqotchi Matteo Chacchettining ilmiy yo‘nalishi va tadqiqot mavzusidan kelib chiqib, kafedra o‘quv yuklamalaridan mos o‘quv kurslariga tinglovchi-kuzatuvchi sifatida jalb etish bo‘yicha maxsus o‘quv reja-jadvali tuzildi.
Matteo Chacchetti malaka oshirishning dastlabki bosqichi davomida quyidagi dars mashg‘ulotlarida muntazam ravishda ishtiroki va kuzatuvini olib bordi:
- “Tarixiy diplomatika” fani – magistratura;
- “Markaziy Osiyo davlatchiligi tarixi” fani – bakalavr;
- “Markaziy Osiyo tarixi manbashunosligi” fani – bakalavr.
Mazkur mashg‘ulotlarda ishtirok etish tadqiqotchiga mintaqa tarixshunosligi va manbashunosligi bo‘yicha ilmiy tasavvurlarini kengaytirish, manbashunoslik metodlari va tarixiy-g‘oyaviy merosni tadqiq etish tajribasini boyitishga xizmat qilmoqda.

