Xalqaro turizm haftaligida global xavflar va barqarorlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xalqaro turizm haftaligi doirasida Turizm kafedrasi tashabbusi bilan kafedraning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, talabalar va magistrantlari ishtirokida “Turizmda xavf va barqarorlikni boshqarish: Global inqirozlarni yengib o‘tish” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Turizm kafedrasining xorijlik dotsenti Summera Farooque Ali Khan mazkur yo‘nalishning dolzarbligi, bugungi global o‘zgarishlar sharoitida turizm industriyasida xavflarni baholash va barqaror boshqaruv strategiyalarining ahamiyatiga oid ma’ruza bilan chiqdi.
Ma’ruzada turizmda xavf omillarining zamonaviy ko‘rinishlari, pandemiya, geosiyosiy beqarorlik va iqtisodiy inqirozlarning turistik oqimlarga ta’siri, barqaror turizmni ta’minlashda davlat siyosati va xususiy sektorning o‘rni shuningdek xavf boshqaruvi bo‘yicha xalqaro tajribalar va amaliy yechimlar kabi masalalar yoritib berildi:
Davra suhbati davomida talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda soha mutaxassislari uchun ochiq muloqot maydoni yaratilib, mavzu yuzasidan savol-javoblar, taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
Mazkur tadbir Xalqaro turizm haftaligi doirasidagi eng muhim ilmiy-amaliy loyihalardan biri bo‘lib, u universitetning turizm sohasini rivojlantirish, ta’lim jarayonini zamonaviy bilimlar bilan boyitish va xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qildi. Davra suhbati talabalarda sohaga oid global jarayonlarga yangicha qarash va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yordam berdi.


