Xorijiy tillarni o‘qitishdagi yangi tendensiyalarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya
2026- yil 10-aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Amaliy fanlar fakulteti G‘arb tillari kafedrasi tomonidan “Xorijiy tillarni o‘qitishdagi yangi tendensiyalar: inklyuziv ta’lim va EFL/ESPdagi innovatsiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi.
Mazkur anjuman xorijiy tillarni o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar, inklyuziv ta’limning dolzarb masalalari hamda EFL/ESP yo‘nalishlaridagi innovatsion usullarni muhokama qilishga bag‘ishlandi. Konferensiya oflayn va onlayn shaklda o‘tkazildi.
Yalpi majlisni G‘arb tillari kafedrasi mudiri, PhD Saodat Saidakbarova olib bordi. Sessiya davomida xorijiy va mahalliy olimlar tomonidan til o‘qitish metodikasi, madaniyatlararo kommunikatsiya, korpus lingvistikasi, inklyuziv ta’lim, sun’iy intellektning metodik imkoniyatlari va leksik xaritalash orqali so‘z boyligini oshirish kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi.
Konferensiya doirasida xorijiy tillarni o‘qitishdagi innovatsion metodlar, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, pedagogik texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro tajribalarni o‘rganishga bag‘ishlangan sho‘ba yig‘ilishlari ham tashkil etildi.


































