Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi

01.09.2017, 21:51 Yangiliklar 3914

TDSHI jamoasi “O‘zbekiston” Xalqaro anjumanlar saroyida Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasida qatnashdi.

1991-yil 31-avgust. Mustaqillikning qadr-qimmatini chuqur anglaydigan xalqimiz har yili bu kunni katta shodu xurramlik bilan bayram qiladi. Bu yil ham shunday bo‘ldi. Prezidentimiz qaroriga binoan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik shodiyonasiga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Jamiyatimizdagi yangilanishlarga muvofiq bayram tantanasi ham yangicha shakl va mazmun kasb etdi.

Asosiy tantanali marosim 31-avgust kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar xodimlari, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari va diplomatik korpus vakillari qatori TDSHI jamoasi ham ishtirok etdi.
Saroyga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev kirib keldi. Prezidentimiz mustaqilligimizning yigirma olti yilligi bilan xalqimizni muborakbod etib, nutq so‘zladi.

O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi. Bayram ahli qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, mustaqillik qo‘shig‘iga jo‘r bo‘ldi. Ohang og‘ushida Vatan manzaralari, istiqlol tarixi tasavvurda gavdalandi.

“Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan ezgu g‘oya, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti va ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida aholi hayot darajasi izchil yuksaldi. Huquqiy demokratik islohotlar va ma’naviyatga e’tibor xalqimizning dunyoqarashini, ongu tafakkurini o‘zgartirdi. Istiqlolimizning 26 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasi chuqur ehtirom bilan yodga olindi.

“Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, degan g‘oya asosida aholiga keng imkoniyatlar berish, uning real daromadlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarimiz yanada yaxshilandi. Prezidentimizning ilk davlat tashriflari qo‘shni davlatlarga bo‘ldi. O‘zaro raqobat emas, hamkorlik qilish tamoyili iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirdi, mintaqaviy xavfsizlik, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamladi.

Bu jihatlar bayram tomoshasida turli tillarda yangragan qo‘shiqlar, milliy-etnografik guruhlarning chiqishlarida yaqqol namoyon bo‘ldi. O‘zbekistonda mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik qaror topgan. Tinchlik va barqarorlik sabab O‘zbekistonimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori tobora ortmoqda. Eng rivojlangan davlatlar, dunyoga dong‘i ketgan bank va kompaniyalar O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga intilmoqda.

Bayram dasturi har qachongidan boshqacha bo‘ldi. Kuy-qo‘shiqlar she’rlar bilan uyg‘unlashib ketdi. Bolalarning chiqishlari barchaga tabassum ulashdi. Harbiylarimizning mardonavor ovozi dillarga ko‘chdi. Jahon mumtoz musiqalari zavq bag‘ishladi. Tantanali marosim san’atkorlar jo‘rligidagi “Vatan azizdir” qo‘shig‘i bilan nihoyasiga yetdi.

Bularning barchasi istiqlol sharofatidan. Davlatimiz mustaqilligi xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib kelmoqda. Bu boylikning milliy taraqqiyotimiz, bugungi va kelgusi avlodlar taqdiridagi ahamiyati yillar o‘tishi bilan tobora ortib boraveradi.

26s photo_2017-08-31_18-04-53

Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi